Qashqadaryoda achinarli ahvolga tushib qolgan “Jurnalistlar uyi” binosi ta’mirlanadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati “Jurnalistlar uyi” binosining achinarli ahvolga kelib qolganligi haqida xabar e’lon qilindi.

"Achinarli ahvolga tushib qolgan Qashqadaryo viloyati “Jurnalistlar uyi” binosi umid qilamizki, Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan tez fursatda bartaraf etiladi. Biz ham uning foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etib, bahonada viloyat jurnalist va blogerlari bilan uchrashishga tayyormiz", deya post qoldirdi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

Mazkur holatga nisbatan viloyat hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi:

Unga ko‘ra, Qarshi shahrida joylashgan “Jurnalistlar uyi”ning ta’mirlash ishlari oxiriga yetmay qolganligi bo‘yicha ma’lumot viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Z.Mirzayevga ma’lum qilingan.

Bu masalada viloyat hokimi joriy yilning 18 noyabr kuni mas’ullar bilan yig‘ilish o‘tkazib, tegishli topshiriqlarni bergan.

Jumladan, viloyat hokimi o‘rinbosari S.Azizov va viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovlarga ta’mirlash ishlarini tez orada yakunlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash, shuningdek, viloyat hokimi o‘rinbosari D.Allayevga qurilish yakuniga yetganidan so‘ng jurnalist va muxbirlarni ochiq va shaffof usulda binoga joylashtirish bo‘yicha viloyat hokimiga taklif kiritishi belgilangan.

Viloyat hokimi yuqoridagi masala bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i U.Nusurov bilan ham uchrashib, muammoni hal etish uchun harakat qilayotganligini, viloyat jurnalistlari hamda ijodkorlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha bir qator rejalari borligini ham ma’lum qilgan.

Viloyat hokimi o‘rinbosari S.Azizovning ma’lum qilishicha, binoga hozirgacha 1 milliard 300 million so‘m sarflangan. Ammo ta’mirlash ishlarini yakunlash uchun yana qo‘shimcha mablag‘ zarur. Ushbu mablag‘ masalasi hal etilishi bilan ta’mirlash ishlari boshlab yuboriladi.