Qashqadaryoda o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan direktorga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda G‘uzor tumanida maktab o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unda o‘quvchilar jazirama issiqda G‘uzor tumani Yonqishloq mahallasidagi uzun yo‘l va ariqni tozalashga majburlanayotgani ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriligining Qashqadaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘quvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshirish yakunlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilganligi uchun Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 75-sonli maktab direktori MJtKning 51-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
“Unga nisbatan EKIH 5 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qonun buzulishini bartaraf etish va kelgusida shu kabi kamchiliklarga yo‘l quymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.