Qashqadaryodagi guruhli ovqatdan zaharlanish to‘g‘risida axborot

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan “TNTER ENGINEERING PTE. Ltd” kompaniyasining G‘uzor tumanida joylashgan UZGTL loyihasi asosida tashkil etilgan shaharcha ishchilaridan 2019 yilning 13 dekabr kuni soat 8:30 dan 16:30 gacha viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 9 nafar va Nishon TTYoMga 2 nafar ishchilar ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ichni tez-tez ketishi, tana haroratini ko‘tarilishi, sovuq qotish kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilgan, o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng, ularga guruhli ovqatdan zaharlanish “O‘tkir gastroenterit” tashxisi qo‘yilib shifoxonaga yotqizilganligi to‘g‘risida birlamchi axborot berilgan edi.
Mazkur holat bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshchiligida shtab tashkil etilgan, Ovqatdan zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan iste’mol qilgan ishchilar tuzilgan komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 2019 yil 14 dekabr soat 7:00 holatida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida yana 54 nafar ishchilar faol aniqlanib shifoxonalarga olib kelingan. Hozirda viloyat YuKShda 49 nafar, TTYoIM Qashqadaryo filiali Toksikologiya bo‘limida 10 nafar, G‘uzor tuman YuKShda 4 nafar, Nishon tuman ShTTYo bo‘limida 2 nafar jami 65 nafar bemorlar davolanmoqda. Bemorlarning 46 nafari ahvoli yengil, 19 nafari o‘rtacha, og‘ir bemorlar yo‘q. Dori darmonlar zaxiralari yetarli.
Bemorlardan olingan namunalar va zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan olingan namunalarda laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur vaziyat to‘liq nazoratga olingan.


Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati