Qaysi davlatda muhojirlar yaxshi maosh oladi?
Odamlarning boshqa davlatga ko‘chib ketish sabablari ko‘p. Kimdir ishdan bo‘shaydi, boshqasi baxtini izlab sevgisiga ergashadi, yana biri o‘z vatanidagidan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradigan ish qidiradi.
“Internations” muhojirlar ijtimoiy tarmog‘i 12 500 foydalanuvchi qatnashgan so‘rov o‘tkazib, “Yangi yashash joyingizda ko‘proq pul ishlab topish mumkinligiga ishonasizmi?”, degan savol berdi.
Quyida muhojirlar javoblariga asoslanib, eng yaxshi maosh to‘laydigan davlatlar keltirilgan.
Singapur
So‘ralganlarning 62 foizi Singapurda ish haqi haddan tashqari yuqoriligini, 43 foizi esa o‘z vatanidagidan “bir necha barobar ko‘p” maosh olishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, 25 foizi yiliga ularning oilaviy daromadi 100 ming dollardan ortiq ekanini aytishdi. Aytgancha, Singapurda yashash ham juda qimmat – ayniqsa, ijara haqi. Shuning uchun u yerdagi yuqori maoshlar oddiy zaruratdir.
Norvegiya
Neftga boy Norvegiya o‘qimishli muhojirlarni jalb qiladi. Respondentlarning 33 foizi ko‘p pul ishlab topish bilan birga ish ularga zavq bag‘ishlashini aytdi: bu yerdagi ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat yaxshi baholarni oldi. Ish haftasi 42,9 soatni tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastroqdir. Shunga qaramay, Norvegiyada hayot, masalan, Germaniyaga qaraganda qimmatroq. 71 foiz mutaxassis bu yerda uydagiga qaraganda ko‘proq pul sarflashini aytmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari
Katta neft zaxiralariga ega, biroq texnik “nou-xau” zaif rivojlangan mamlakat chet ellik mutaxassislarni sotib olishga majbur. Chet elliklarning 72 foizi juda ko‘p ishlab pul topishlarini, 16 foizi esa daromadlari yiliga 150 ming dollardan oshib ketishini tan oldi. Amirliklarda ham yashash juda qimmat. Respondentlarning 67 foizi ijaraga uy olish nihoyatda qimmat ekanligini, 27 foizi esa maoshi kundalik hayotiga zo‘rg‘a yetishini aytgan.
Nigeriya
Nigeriya ko‘p pul va kamxarajatli yashash sharoitlarini taklif qiladi. Chet elliklarning 10 foizi bu yerda yiliga 200 ming dollardan ko‘proq maosh olishini, 86 foizi esa olgan maoshi farovon hayot kechirishi uchun yetarli ekanini aytgan. Turmush darajasi bo‘yicha oxirgi o‘rinda turadigan davlatda chet elliklarning atigi 17 foizi o‘zini xavfsiz his qilishi ham bor gap.
Saudiya Arabistoni
Pulga chanqoqlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu mamlakatni tanlasa bo‘ladi: 42 foiz muhojir bu yerda o‘z vatanidagidan bir necha barobar ko‘p pul ishlab topishini, 86 foizi esa Saudiya Arabistonida hayot juda arzon ekanini ta’kidlaydi.
Bahrayn
So‘ralganlarning 70 foizi bu yerda o‘z mamlakatlariga qaraganda ko‘proq, 41 foizi esa “ancha ko‘p” maosh oladi. Bundan tashqari, Bahrayn ish muhiti yuqori baholarni qo‘lga kiritdi: mamlakatdagi ish haftasi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lib, bu yerda 93 foiz muhojir doimiy ishga joylashgan.
Quvayt
Davlatdagi boy neft va gaz konlari chet ellik iste’dodlarni jalb qilish uchun zarur bo‘lgan yuqori ish haqini to‘lash imkonini beradi. Quvaytga asosan Hindiston va Fillippindan juda ko‘p sonli emigrantlar keladi. Kelganlarning 62 foizi yiliga kamida 50 ming dollar ishlab olishini tan oldi.
Qatar
Fors ko‘rfazining eng boy davlatlaridan biri muhojirlarining 76 foizi ham bu yerda yaxshi pul ishlab topishini aytadi. So‘rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi yiliga 100 ming dollardan ko‘proq maosh oladi. Qatarda hayot juda qimmatligini hisobga olsak ham, 81 foiz mehmon bu hayotdan juda mamnun.
Shveysariya
Ikkinchi o‘rinda Shveysariya joylashgan bo‘lib, u yuqori ish haqiga qo‘shimcha ravishda yashash narxining juda yuqoriligi bilan ham mashhur. Shunga qaramasdan xorijiy mutaxassislarning 57 foizi oila daromadi yiliga 100 ming AQSh dollaridan oshishi, 14 foizi esa hatto 200 ming dollardan ortiq daromad olishi haqida xabar berdi.
Lyuksemburg
Ko‘pgina yirik sug‘urta kompaniyalari joylashgan Yevropa Ittifoqining eng boy davlati va dunyodagi eng boy mamlakatlardan biri Lyuksemburg Buyuk Gersogligi mutlaq yetakchi. Bu yerda ish haqining juda yuqori ekanligi ajablanarli emas: muhojirlarning 76 foizi bu davlatda uyidagidan ko‘ra ko‘proq maosh olishini, 45 foizi esa Lyuksemburgda “ancha ko‘p” pul ishlab topishini aytishadi.
Mamlakat juda kichik bo‘lganligi sababli uylar ijarasi juda qimmat, bu ko‘plab chet elliklarning hamyoniga zarar keltiradi. Biroq, Shengen kelishuviga muvofiq nemis mutaxassislari chegara hududida yashashi va har kuni chegarani kesib o‘tishlari mumkin.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.