Chetga qancha mahsulot sotildi?

Shu yilning 6 oyi davomida viloyatdagi 438 ta korxona 554 turdagi mahsulot eksport qilgan. Xususan, 80 million dollarlik metall va tayyorlangan buyumlar, 74 million dollarlik meva-sabzavot, 61,5 million dollarlik to‘qimachilik, 44,9 million dollarlik oziq-ovqat va 41,4 million dollarlik boshqa mahsulotlar xorij bozorlariga sotilgan.

Ushbu davrda Tailand, Italiya, Kanada va Janubiy Koreya kabi yangi bozorlar o‘zlashtirilgan.

Rossiya (107,7 million), Xitoy (37,7 million), Qozog‘iston (23,3 million, Turkiya (16,6 million), Tojikiston (14,9 million) asosiy hamkor davlatlar bo‘lmoqda.

Darvoqe, yarim yillikda 104 ta korxona xorijga tovar va xizmatlar sotish jarayoniga yangi qo‘shilgan. Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahrida “Zehra collection” mas’uliyati cheklangan jamiyati 12,3 million dollarlik mis, Paxtachi tumanidagi “Baxt Samarkand tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati 4 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, AQSh va Rossiyaga eksport qilgan.

Hisobot davrida 7 million dollarlik 5 ta yangi turdagi mahsulotlar xorijga chiqarildi. Misol uchun, “Navobod naslli parranda” korxonasi Xitoyga 6 million dollarga parranda oyoqchalarini sotgan.

Albatta bu o‘rinda eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ham qayd etish o‘rinli. Jumladan, tovar yoki xizmatlarini chetga chiqarayotgan 14 ta korxonaga aylanma mablag‘ uchun 9,1 million dollar kredit berilgan, shu davrda ular 8,8 million dollarlik eksport qilib, yil yakunigacha bu ko‘rsatkichga 23,8 million dollar qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, 6 ta korxonaning xalqaro standart va sertifikat tizimini joriy qilish bo‘yicha 804 million so‘m xarajati qoplab berilgan.

Viloyatdagi 9 ta korxona Xitoyning bojxona maxsus xizmati ro‘yxatiga kiritilgach, 1,7 million dollarlik eksportni amalga oshirgan. Misol uchun, reyestrga kiritilgan "Agro Gumush Jomboy" korxonasi xitoyliklarga 135 ming dollarlik quritilgan meva - olxo‘ri sotgan.

Yana bir muhim ma’lumot: 64,4 million dollarlik eksport qilgan 94 ta korxonaga tashish xarajatining bir qismi - 24,5 milliard so‘m qoplab berilgan.