Qirg‘iz Respublikasining davlat bayroqlari tushiriladi
Prezident Sadir Japarov imzolagan farmonga ko‘ra, 2021 yil 1-2 may kunlari Qirg‘iz Respublikasida milliy motam kunlari deb e’lon qilindi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 29-30 aprel kunlari Botkent viloyatidagi qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuv oqibatida ko‘plab fuqarolar va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar va jarohatlar mavjud. Qurolli to‘qnashuv shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslarga katta miqdordagi moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan.
Shu sababli 2021 yil 1 va 2 may kunlari butun respublika bo‘ylab, shuningdek, chet eldagi diplomatik va konsullik idoralarida Qirg‘iz Respublikasining davlat bayroqlari tushiriladi. Teleradiokompaniyalarga ko‘ngilochar tadbirlar va dasturlarni namoyishini to‘xtatish bo‘yicha taklif kiritildi.
Shuningdek, farmonda Qirg‘iziston hukumati mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda halok bo‘lganlarning va jarohat olganlarning oilalariga yordam ko‘rsatish uchun zarur choralarni ko‘rishi aytib o‘tilgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida Qirg‘izistonning 13 fuqarosi halok bo‘lgan, 134 nafari jarohat olgan.