Qirg‘izistonlik yoshlar O‘zbekistonda

Bir guruh qirg‘iz yoshlari uchun O‘zbekiston bo‘ylab o‘quv-tanishuv safari tashkil qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari Samarqand shahrida ham bo‘ldi.
Konrad Adenauer jamg‘armasining Qirg‘izistondagi stipendiyatlari, faol yoshlardan iborat delegatsiya a’zolari shahardagi Ipak Yo‘li turizm xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda O‘zbekiston va Qirg‘iziston yoshlari tomonidan qator loyiha va tashabbuslar taqdimotlari o‘tkazildi.
- Bu universitetning tashkil etilishi O‘zbekistonda iqtisodiyot va boshqa sohalarining rivojlanishi uchun muhim, deb o‘ylayman, - deydi delegatsiya a’zosi Nurmuhammad Turkboyev. – Bu yerda xorij yoshlari ham kelib o‘qishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar bor ekan. Kelajakda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni universitetlarimizning hamkorligi asosida yanada mustahkamlash mumkin. O‘zim ham shu ta’lim dargohida o‘qishni niyat qildim.
Ishtirokchilar ekologik muammolar va ularni hal etish, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari bo‘yicha davra suhbatlari ham tashkil qilindi.
Qirg‘izistonlik mehmonlar Amir Temur maqbarasi va Registon maydoniko‘zdan kechirib, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Shahlo Ne’matullayeva.