Qishin-yozin bir rangda - dunyoning bir xil tusli “monoxrom” shaharlari
Zamonaviy shaharlar o‘zining rang-barangligi bilan ko‘zga tashlanadi. Albatta, ranglar jilosi ko‘zni quvontiradi, bayramona kayfiyat yaratadi va pirovardida sayyohlarni o‘ziga tortadi.
Biroq, qarama-qarshi harakat - shaharni bitta rangda bo‘yash orqali ham kishi tasavvurini hayratda qoldirish mumkin. Go‘yo samoviy kamalakning biror bir chizig‘i ajralib chiqib shahar ustiga yoyinib, o‘zining mazmunli ko‘k, muloyim pushti, yoki to‘q binafsha rangini ato etgandek.
Tan olish kerakki, hamma shaharlar ham sun’iy ravishda bitta rangga bo‘yalgan emas. Ba’zan bu uylarning monoxromligiga qurilish materiallari ham sababchi bo‘la oladi. Hindistonning Jaypur shahri misolida ushbu sharhimizni boshlaymiz.
Pushti rangli shahar
Qadimiy me’morchiliklari yaxshi saqlanib qolingan Jaypurning eski qismidagi pushti rangli binolari haqida umumiy bir fikr yoki kelishuv yo‘q. Sayyohlarga albatta bu rangni yaxshi ko‘rgan Shiva xudosiga sig‘ingan shahar asoschisi maxarja Jay Singh III haqida, boshqa gidlar esa aholi o‘z uylarini shunchaki mehmondo‘stlikni anglatadigan maxsus pushti rangga bo‘yashlarini aytib berishadi.
Aslida tarixiy binolarning bir xil rangda bo‘lishining sababi oddiy – qurilish materiallari olingan shahar yaqinida pushtirang qumtoshlar juda ko‘p. Aytgancha, shahar quyosh nuriga qarab jilolarini o‘zgartirib turadi. Kunning turli vaqtlarida Jaypur ba’zan qizg‘ish-jigarrang, ba’zan esa chindan ham och pushti rangda toblanadi.
Ko‘k shahar
Marokash tog‘lari va tekisliklari orasida kedr daraxtlari bilan o‘ralgan kichkinagina, maftunkor Shefshauen shahri yashiringan. Mahalliy aholi Shaven deb ataydigan bu shaharda uylar, yo‘laklar, zinapoyalar va hatto guldonlar ko‘k rangga bo‘yalgan.
Ranglarning bir xilligi uzoq tarixiy o‘tmishga borib taqaladi: Yevropa inkvizitsiyasi paytida ko‘plab Shavenga ko‘chib o‘tib o‘tgan yahudiy qochqinlar ko‘k rangni an’anaviy ravishda Yaratganning ilohiy mohiyati timsoli deb bilishgan. Dastlab, shaharda faqat yahudiy qochqinlarning uylari ko‘k rangda edi, vaqt o‘tishi bilan bu an’ana barcha mahalliy aholi orasida ildiz otdi.
Binafsharang shahar
Kunlarning birida Janubiy Koreyaning ikkita Banvol va Parkji orollari aholisi sayyohlarni jalb qilish maqsadida o‘z shaharchalarini binafsha rangga bo‘yashga qaror qilishdi. Qizig‘i, bu tashabbus Janubiy Koreya rasmiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va buning uchun hatto 3 million dollar ham ajratildi.
2019 yilda ish qaynay boshladi va tez orada sayyorada hayratlanarli binafsha nuqtasi paydo bo‘ldi. Bu yerda binafsha rangli mashinalar binafsha rangli yo‘llarda harakatlanadi, gulzorlarda faqat lavanta va qo‘ng‘iroqlar o‘sadi, mahalliy aholi binafsha rangli kiyimlarda yuradi, restoranlarda taomlar faqat binafsha rangli idishlarda tortiq qilinadi.
Tabiiyki, bu yerga sayyohlar daryodek oqa boshladi. Binafsha rangli orollarga kirish pullik, lekin agar mehmon mos rangdagi kiyimda bo‘lsa, unga bepul kirishga ruxsat beriladi.
Oq shahar
Ispaniyaning Andalusiyasida “Oq shaharlar” toponimi mavjud. Bu tasodif emas albatta. Andalusiyada quyosh juda yorqin porlaydi, oq rang esa issiqlikni qaytarib, uylarni salqin saqlaydi.
Bunday shaharlarning o‘ziga xos vakillaridan biri 15 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan kichik Ubrike aholi punktidir. Ko‘p asrlar davomida aholi o‘z uylarini oq rangga bo‘yab keladi va rasmiylar xarajatlarni qisman qoplagan holda ularga yordam beradi. Ubrikeda oq uylardan tashqari ko‘rish mumkin bo‘lgan boshqa narsalar ham bor. Sayyohlar atrofdagi manzarali joylarga sayr qilib, tabiati va qadimiy binolarning me’morchiligidan zavqlanib sayr qilishadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.