Qishloq ostidagi sirli gulduros
Britaniyaning Uiltredagi Laynxech qishloq aholisi tuproqni tushunib bo‘lmaydigan siljishidan sarosimada. Asfalt qoplagan shossening uchastkalaridan birida qoplama darz ketib, tushunib bo‘lmaydigan yerosti harakatidan vayron bo‘lgan. Odatda kuchli zilziladan keyin shunday bo‘ladi. Ammo bu yerda hech qanday yer silkinishi qayd etilmagan.
Sirli hodisani ko‘rish uchun butun okrugdan, hatto Londondan odamlar kelishyapti. Ekspertlar tushunib bo‘lmaydigan jarayonni qanday izohlashni bilmay boshlari qotgan. Endi «diqqatga sazovor» joyga aylangan yo‘lni ta’mirlash uchun millionlab funt talab qilinadi.
G‘arbiy Yorkshirdagi Xolmfilm shaharchasida yashovchi aholining boshida boshqa tashvish: karantin epidemiyasi bilan deyarli bir vaqtda boshlangan sirli gulduros ularni holdan toydirgan. «Daily mail» gazetasi Ivonn Konnerning qo‘shnilari bilan boshdan kechirayotgan hodisa – jondan o‘tib ketayotgan va hayotlarini izdan chiqarayotgan voqeani yozadi.
Bu hodisaga hatto Xolmfild guldurosi deb nom berishga ham ulgurishdi. Ikki yildan buyon uyida tinchlik yo‘q. Undan Ivonning boshi yorilib ketadiganday. Birovlar buni mahalliy zavodning havoni tozalash tizimidan chiqayotgan tovush deb taxmin qilishadi, boshqalar o‘zga sayyoraliklar xabari deb qo‘yishadi. Amerikaning maxfiy harbiy dasturini ayblovchilar ham bor.
Ro‘y berayotgan hodisani hatto akustika ekspertlari ham tushuntirib berisholmayotgani xavotirni yanada kuchaytirmoqda. Ivonn - sog‘lom fikrli ayol. U qora kuchlarga ham, NUJga ham ishonmaydi. Ayol hokimiyatdan faqat shovqinni to‘xtatishni so‘raydi. U shahar kengashiga 500 kishi imzo qo‘ygan norozilik arizasi topshirdi. Aks holda qanchalik og‘ir bo‘lmasin qadrdon shahardan ko‘chib ketish taraddudida.
“Birinchi marta biz kechqurun soat yettilarda tovushni eshita boshladik, - deydi Ivonn. – Bu tanamni teshib o‘tayotgan g‘alati energiya to‘lqiniga o‘xshardi. So‘ngra tebranayotgan shovqinli nog‘ora ovozi eshitildi, bu osmondan uchib o‘tayotgan uchuvchi dron – tovushini eslatardi”.
Ivonn xonadondagi barcha elektr priborlarni o‘chirdi, qo‘shinlardan ham shunday qilishni so‘radi, biroq gulduros tinmadi. Uni yaqin atrofda yashovchi boshqalar ham his etishdi. Mahalliy hamshira Robortson tovush uni olti oydan buyon ta’qib etayotganini aytadi: “Bu aqldan ozdirmasa edi”, deb shikoyat qiladi. Ammo hokimiyat bu muammo bilan jiddiy shug‘ullanishni istamayapti.
T.Shomurodov tayyorladi.