Qishloqlardan arzon uy-joy olish tartibini bilasizmi?
Arzon uy-joy olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Qishloqlardan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar olish uchun tegishli tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan talabgorlarni tanlash bo‘yicha doimiy ishlaydigan komissiyaga ariza topshiriladi (yozma tavsiya olish uchun).
Arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?
• pasport nusxasi;
• soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);
• oila a’zolari pasportlari va nikoh guvohnomasi, farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari nusxalari;
• oila tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
• nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori nusxasi;
• oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya nusxasi;
• doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
• doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
• ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki yer resurslari va davlat kadastri tuman bo‘linmasi ma’lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda);
• nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma’lumotnoma nusxasi (oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo‘lgan holatda);
• turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi ma’lumotnomasi yoki tumanlararo (tuman) TMEK ma’lumotnomasi.
Yozma tavsiya olish uchun qanday mezonlar inobatga olinadi?
Ariza beruvchi yozma tavsiyani olish uchun doimiy yashash joyi bo‘yicha Komissiyaga quyidagi ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydigan anketa-arizani taqdim etadi:
• mulk huquqi bilan turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;
• boshqa oilalar bilan bir uyda yashashi;
• ko‘p bolali;
• ariza beruvchi oilasining daromadi;
• bir yoki undan ko‘p bola ota-onalardan biri tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;
• oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
• oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
• uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun 16 kv.metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv.metrdan kam bo‘lmagan) ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Ariza va taqdim qilingan hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagan kundan boshlab 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Ijtimoiy ustuvorlik mezonlari qanday aniqlanadi?
Komissiya uy-joy sharoitlarini ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganadi va ijtimoiy mezonlardan kelib chiqib tegishli ballar asosida ariza beruvchining ijtimoiy ustuvorligini belgilaydi.
Komissiya tomonidan ijtimoiy ustuvorlikni belgilash yakunlari bo‘yicha olingan ballar ko‘rsatilgan holda 2 nusxada tekshirish dalolatnomasi tuziladi va bir nusxasi imzo qo‘ydirilgan holda ariza beruvchiga topshiriladi.
Arizani ko‘rib chiqqanidan so‘ng komissiya:
Arizani ko‘rib chiqish va uy-joy sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha Komissiya bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga yozma tavsiya beradi yoki yozma tavsiya berishni aniq sabablarini ko‘rsatgan holda rad etadi.
Yozma tavsiya olgandan so‘ng qayerga murojaat qilinadi?
Yozma tavsiya ariza beruvchiga ikki nusxada beriladi:
• bir nusxasi - shartnoma tuzish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun injiniring kompaniyasiga;
• ikkinchi nusxasi - doimiy yashash joyi bo‘yicha tijorat bankining tegishli filialiga ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun beriladi.
Qanday hollarda yozma tavsiya berish rad etiladi?
• hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
• hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda;
• taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlanganda;
• ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji yo‘qligi holati asoslab berilganda;
• ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan fuqaro yoki uning oila a’zolari takroriy murojaat qilganda.
Arzon uy-joylar olish uchun dastlabki badal miqdori qancha?
• 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2, 3, 4, 5 qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;
• 0,04 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2 qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida.
Ipoteka kreditlari qancha muddatga beriladi?
Ipoteka kreditlari 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi.