Kattaqo‘rg‘onda 16 ta yosh oila yangi uylarga ko‘chib o‘tdi

Yoshlar kuni munosabati bilan Kattaqo‘rg‘on tumanida ham qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Bugun erta tongdan tuman markazidagi ko‘ngilochar maskanlar, ta’lim muassasalari, mahallalar va qishloq guzarlarida bo‘lib o‘tgan tadbirlar yoshlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.

Payshanba shaharchasidagi ko‘rkam istirohat bog‘i va markaziy o‘yingohda uyushtirilgan “Yoshlar – kelajagimiz!” shiori ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda iste’dodli yoshlarning rang-tasvir asarlari, milliy hunarmandlik buyumlari, yosh tadbirkor va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi. Turli tanlov va sport musobaqalari, mushoira kechalari o‘tkazildi. Mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi.

Bayram munosabati bilan tumandagi 16 ta yosh oilaga yangi qurib bitkazilgan uylarning kaliti topshirildi. Yoshlar uyini topshirish tadbirlarida tuman hokimi A’zamxon Bahromov ishtirok etdi va zamonaviy, qulay shart-sharoitlarga ega uylarga ko‘chib kelayotgan yosh oilalarni qutladi.

Foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida 56 o‘ringa mo‘ljallab bunyod etilgan bolalar bog‘chasi ham o‘z faoliyatini boshlaydi.

– Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida biz, yoshlarga berilayotgan yuksak e’tibordan behad xursandmiz, - deydi “Lizingtexnikaservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand viloyat filiali xodimi Bunyodjon Ro‘ziyev. - Bugun men ham boshqa tengdoshlarim qatori yangi qurib bitkazilgan xonadonlardan birining sohibi bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im va ikki farzandim bilan birga yangi uyni qabul qilib oldik. Shinam, keng, ko‘rkam uy bizga juda yoqdi. Barcha tashkilotchilardan minnatdormiz.

Shuningdek, tuman madaniyat saroyida "Hokim va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda A.Bahromov tuman yoshlari bilan dildan suhbatlashdi, orzu-intilishlari, mavjud muammolari, takliflari tingladi, o‘zaro fikr almashdi va ularning muammolari yechimi bo‘yicha mas’ullarga vazifalar berdi. Tashabbuskorlar hokim tomonidan munosib taqdirlandi.

Tadbirlar doirasida badiiy gimnastika bo‘yicha tuman ochiq birinchiligi o‘tkazildi. Yoshlar sayli taniqli xonanda,  “Nihol” mukofoti sovrindori Jasur Umirov hamda boshqa san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert dasturi bilan davom etdi.

Shuhrat QARShIYeV.