QIShLOQQA KINO KELDI

Bu gap quloqqa biroz g‘alati eshitiladi-a. Ayniqsa, yoshlar “qishloqqa qanaqa kino keladi, hamma kino televizorda, internetda-ku” deyishi tabiiy. To‘g‘ri-da qishloqlarimizda kinoteatr bo‘lmagach, bir paytlari bo‘lganlari ham bugun buzilib ketgan yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan bo‘lsa, ular qishloqqa kino kelishini qayerdan bilsin. Bilganlar – katta avlod vakillari ham buni unutib yuborganiga ancha bo‘ldi.

Lekin bugun mamlakatimizda innovatsion kinoteatr – “Kinomobil” faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, olis qishloqlarda ham eng yangi kinofilmlarni namoyish etish uchun imkoniyat yaratildi. Mazkur mobil kinoteatr Samarqand viloyatida eng sara filmlarni tomoshabinlar hukmiga havola etishni boshladi.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan bu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning madaniy hordiq chiqarishlari uchun keng imkoniyat yaratish, madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishdan iborat, – deydi Respublika “Kinoprokat” davlat unitar korxonasi Samarqand viloyati filiali rahbari F.Roziqov. – MAN avtomobiliga o‘rnatilgan mobil kinoteatrda tomoshabinlar uchun har tomonlama qulay sharoit mavjud. Innovatsion mobil kinoteatr eniga 6 metrgacha kengayadi va 80 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Ushbu kinoteatrda tomoshabinlar zamonaviy raqamli formatda milliy va jahon kinofilmlarini tomosha qilishlari mumkin.

Jomboy tumani yoshlari bugun ushbu mobilkinoteatrning ilk tomoshabinlari bo‘ldi. Ular uchun “Skorpion”, “Elparvar”, “Snayper” badiiy hamda “Abu Iso Muhammad at-Termiziy” hujjatli filmlari namoyish etilmoqda