Qiynoqlarda ayblangan generalning Interpol prezidenti etib saylanishi ortidan qator siyosatchilar "hafsalasi pir bo‘lgani"ni aytmoqda

Inson huquqlari faollari va bir qator yevropalik siyosatchilar Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi general-mayori Ahmad Nosir ar-Raisi Interpol rahbari etib saylanganidan hafsalasi pir bo‘ldi.

U vatanida dissidentlarni qiynoqqa solish va ta’qib qilishda ayblanmoqda. Fransiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya va Turkiyada ar-Raisi ustidan sud ishlari boshlangan.

General esa mamlakati nomidan dunyo fuqarolariga xizmat qilish u uchun sharaf ekanligini ta’kidlab, barchaga xavfsizlikni ta’minlash uchun ishlaydigan yanada shaffof, inklyuziv tashkilot qurishga va’da bermoqda.

"Hozirgi bosqichda bu ayblov ekanini yaxshi tushunamiz. Biroq, aybsizlik prezumpsiyasi mavjud. Aytmoqchimanki, Interpol Bosh Assambleyasi qaroriga binoan janob Ar-Raisi prezident etib saylandi. Men ijroiya qo‘mita bilan ishlashni davom ettiraman. Biz bu yerda, Istanbulda tashkilot boshqaruvi, xususan, ijroiya qo‘mita faoliyati bilan bog‘liq muhim islohotlarni taqdim qildik. Ushbu o‘zgarishlar tashkilot mas’uliyati, halolligi, shaffofligi va betarafligini kuchaytirishga qaratilgan", deya izohladi ar-Raisi saylanishi bilan bog‘liq vaziyatni Interpol bosh kotibi Yurgen Stok.

Interpol shtab-kvartirasi joylashgan Rona departamentidan fransuz deputati Yuber Julen Laferer bir necha oy davomida al-Raisi nomzodiga qarshi chiqqan: 

"Jinoyatchilarni ta’qib qiluvchi tashkilotga jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxs rahbarlik qilishi mumkinmi? Afsuski, bu shunday. Interpolga a’zo davlatlar buning imkoni borligini ko‘rsatdi va tashkilotga dog‘ tushiruvchi kishini tanladi".

Ko‘pchilikning qayd etishicha, al-Raisi saylanishi Birlashgan Arab Amirliklari Interpol byudjetiga 50 million yevro yuborganidan keyin sodir bo‘lgan. Shu bilan birga Interpol nizomiga ko‘ra, tashkilot prezidenti faqat vakillik funksiyalarini bajaradi, barcha vakolat Bosh kotib Yurgen Stokda qoladi.