Qiyofadoshlar taqdiri

Tarixda jumboqlar va tushunib bo‘lmaydigan hodisalar kam emas. Shu jumladan, qiyofadosh odamlarning dunyoga kelishi ham. Hayratlanarlisi shuki, ular bir-biriga qarindosh ham, tanish ham emas. Turli davrlarda, yer sharining turli burchaklarida yashaydi.
Quyida shulardan biri haqida o‘qiysiz.

Qiyofadoshlar bilan eng sirli voqea XX asr boshida Italiyada sodir bo‘lgan.
Bu 1900 yil 28 iyulda boshlandi. Italiya qiroli Umberto I o‘z ad’yutanti Emileo Ponso – Valya bilan Rimdan bir necha kilometr naridagi uncha katta bo‘lmagan Monsu shaharchasiga tashrif buyuradi. Bu yerda yengil atletika bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tayotgan, qirol shaxsan o‘zi g‘oliblarga mukofotlarni topshirishi lozim edi.

Kechqurun Umberto I ad’yutanti bilan ovqatlanish uchun kichik restoranga yo‘l oladi. Nufuzli mehmonni restorancha egasining o‘zi tavoze bilan kutib oladi. Qirol diqqat bilan qarab, uni xuddi egiz ukasidek o‘ziga o‘xshaganini ko‘rib, hayron qoladi: gavdasi, yuzi, ko‘zi, mo‘ylovi, ovozi, qo‘l xarakatlari, o‘tirish-turishi bir tomchi suvdek qirolning o‘zginasi edi. Buning ustiga restorancha egasining ismi ham Umberto bo‘lib, u ham Turin shahrida bir kunda – 1844 yil 14 mart kuni tug‘ilgan ekan.

Qiyofadoshlar hatto bir kunda - 1866 yil 2 aprelda uylangan, restoranchining rafiqasining ismi ham qirolichaniki singari Margarita ekan.
Ikki Umbertoning o‘g‘illarining ismlari Vittorio bo‘lib, ikkoiv ham yengil atletika bilan shug‘ullanisharkan. Keyinchalik hayratomuz o‘xshashlik yanada ajablanarli tus oldi. Buni qarangki, Avstro-Prussiya-Italiya urush yillarida qiyofadoshlarning ikkalasi ham o‘sha jangda ishtirok etgan. 1866 yilda qirol hali polkovnik, restoranchi oddiy askar ekan. 1870 yilda ikkisining ham unvoni oshgan: qirol korpus komandiri, restoranchi serjant unvonini olishgan. Hatto mavqeilari ham bir vaqtda ko‘tarilib borgan. 1878 yil 8 yanvarda Umberto I taxtga o‘tirgan, ikkinchisi esa xususiiy restoran ochgan.

Qirol bu hayrotomuz o‘xshashlikdan g‘oyat ta’sirlanib, ad’yutanti Ponso – Valyaga “Men bu insonni mukofotlashni istayman, u ertaga albatta musobaqada bo‘lishini ta’minla” deb buyruq beradi.
Biroq ertasi kuni qirolga restoranchi halok bo‘lgani haqida xabar qilishadi: noma’lum bosqinchilar uni otib ketishibdi. Yozishlaricha, o‘z qiyofadoshining o‘limini eshitgan Umberto I: “Lekin taqdirimizda hammasi ham o‘xshamadi, u o‘ldi, men esa tirik” deb turganida olomon orasida turgan anarxist qirol ko‘ksiga uch marta o‘q uzadi. Umberto I o‘ldiriladi – ikki o‘q uning yuragiga tekkan ekan.

Qiyofadoshlik insoniyatni necha ming yillardan buyon hayajonlantirib keladi. Juda ko‘p tadqiqotchilar – faylasuflar, tarixchilar, ruhshunoslar, fiziklar, matematiklar, yozuvchilar bu hodisaga izoh topishga urinib keladi, biroq natija yo‘q. Odamlarni esa hozirgacha “Nima uchun qiyofasi va taqdiri ham o‘xshash kishilar dunyoga kelar ekan, degan savol qiziqtiradi.

T.Shomurodov tayyorladi.