Qo‘l jangi: Samarqand viloyati hokimi kubogi kimga nasib etdi?
Samarqand shahrida qo‘l jangi bo‘yicha “Samarqand viloyati hokim kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. Bellashuvda viloyat ichki ishlar, milliy gvardiya, yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar va bojxona boshqarmalari, harbiy xizmatchilar hamda viloyat qo‘l jangi federatsiyasi jamoasi o‘zaro bahs olib bordi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqib, keyingi yillarda mazkur sport turi viloyatimizda ancha rivojlangani va nufuzli musobaqalarda Samarqand sharafini himoya qilib yuqori o‘rinlarga ega bo‘layotganlar soni oshayotganini ta’kidladi. Shuningdek, qo‘l jang bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni, yaqinda Belarus davlatida o‘tkazilgan jahon kubogi bahsida kumush medalni qo‘lga kiritgan Nargiza Narziqulovaga tashakkurnoma va esdalik sovg‘asi topshirdi.
Musobaqada umumjamoa hisobida viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, kubok egasi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni viloyat milliy gvardiya boshqarmasi jamoasi egalladi, uchinchi o‘rin viloyat qo‘l jangi federatsiyasi jamoasiga nasib etdi.
Husan Eltoyev.