Qonayotgan tish, iboli mimoza va o‘lik gul: g‘ayrioddiy o‘simliklar

Yerdagi g‘aroyib organizmlarning sanog‘i yo‘q. Agar hayvonlarni oladigan bo‘lsak, ularning g‘alati, kulgili va g‘ayrioddiy turlari kishini hayratda qoldirishi mumkin. O‘simliklarda-chi? Aslida daraxt yoki gullarning ham g‘alati ko‘rinishdagi ajablantiradigan turlari ham bor. Keling, ular bilan tanishamiz.

“Murabbo tomdirilgan momiq”

Гриб Гидне́ллум Пе́ка/ © wikigrib.ru

Gidnellum Pek, ilmiy nomga ega bu g‘alati zamburug‘ odamlarga qanday taassurotlarni keltirib chiqarmaydi, deysiz. Uni murabbo tomgan saqich, o‘rmon hayvonining qoni sachragan paxta, hatto ehtiyotsizlik bilan ustiga qalin sirop quyilgan oddiy qo‘ziqorin ham deyishadi. Bu “ko‘rkamlik” haqiqiy qulupnay hidini tarqatadi. Zamburug‘ beparvolik tufayli uning yonidan o‘tib ketayotgan kichik hasharotlar bilan oziqlanishga qodir, qizil tomchilari esa o‘ta yopishqoq. Gidnellum Pek odamlar uchun zararsiz, u rezinaga o‘xshashligi sababli yeyiladigan hech narsasi yo‘q. Aytgancha, bu qo‘ziqorin mo‘’tadil mintaqalarda juda yaxshi o‘sadi.

Hasharotxo‘r Venerina

Венерина мухоловка/ © naked-science.ru

Hasharotxo‘r Venerinaning tabiiy yashash joyi Amerika. Lekin uy sharoitida bu o‘simlikni xavfsiz o‘stirish imkoni borligi tufayli u barchaga tanish.

Bu jonivor barglari bilan hasharotlarni tutib, keyin xotirjam ularni hazm qilishga qodir. Qopqon gul oxiridagi paychalar teginilishi bilan ishga tushadi. Hatto eng ko‘rinmas tuki ham tebranishlarni sezadi va agar siz ikki yoki undan ortiq paychalarga tegsangiz, o‘simlik yarim soniya ichida o‘z tavaqalarini siqib qo‘yadi.

Raffleziya – o‘lik gul

Biologlar bu gulni XIX asrda Indoneziya orollaridagi sayohat paytida topdilar. Ularni uning kattaligi va dahshatli ko‘rinishi emas, balki o‘simlikdan tarqaladigan dahshatli badbo‘y hid hayratda qoldirdi.

Паразитическая раффлезия, она же трупный цветок/ © bigpicture.ru

Keyinchalik Raffleziya sof parazit ekanligi ma’lum bo‘ldi. O‘simlikning ildizi ham, poyasi ham yo‘q. Faqat diametri bir metrdan oshib ketadigan beshta go‘shtli barglari bo‘lgan ulkan gul o‘rmonda o‘sadigan chirmoviq o‘simliklarning ayrim turlariga parazitlik qiladi. O‘simlik chiqaradigan o‘lik hid uning ko‘payish mexanizmlaridan biridir. Badbo‘y hidga g‘izillab to‘plangan go‘ng chivinlari Raffleziyani changlatib, shu bilan uning yashash joyini kengaytiradi.

Iboli mimoza – nozik go‘zallik

Uy sharoitida osongina o‘stiriladigan bu gulga qarab, o‘simliklarning asab tizimi borligiga chindan ham ishonish mumkin.  Mimozaning qatlamli barglariga teginishingiz bilan, ular go‘yo begona odamdan xijolat tortayotgandek, darhol qisqaradi.

Стыдливая мимоза/ © bbc.com

Biologlarga ma’lum bu holat o‘ziga xos himoya mexanizmi deb ishoniladi – albatta, har bir jonzot kutilmagan harakatdan qo‘rqadi. Uyatchan mimoza nafaqat chaqirilmagan mehmonni qo‘rqitishi mumkin, balki zaharlidir. U o‘z kavakchalaridan vodorod sulfidini chiqaradi.

Mansinel– dunyodagi eng zaharli daraxt

Bu begunohgina ko‘rinadigan “olma” o‘sadigan joylarda qizil tasma bog‘lanib, ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgani bejiz emas. Mansinel daraxti sayyoradagi eng zaharli daraxt sifatida tanilgan. Unda mutlaqo hamma narsa xavflidir – barglari terida pufakchalar qoldirib kuydiradigan sharbat chiqaradi, yashil olmachalarini iste’mol qilgan odam to‘g‘ri reanimatsiyaga yuboriladi. Hatto uning o‘tini yoqilsa, tutuni nafas olishni qiyinlashtirib, vaqtinchalik ko‘rlikka olib kelishi mumkin.

Манцинелловое дерево/ © lektrava.ru

16 metr balandlikkacha yetadigan daraxt juda zich shox-shabbaga ega, uning ostida yomg‘irdan yashirinish juda qulay. Lekin hech qanday holatda buni qilmaslik kerak – barglaridan oqib chiqadigan yomg‘ir suvi kislotaga o‘xshaydi va kiyimni osongina o‘yib tashlab, terida kuchli kuyish qoldiradi.

Dunyoda turlari va xususiyatlari bilan ajablantiradigan ko‘plab o‘simliklar bor. Hatto bizga odatiy bo‘lib ko‘rinadigan mevalar va ba’zi ziravorlar tasavvur qilganimizdan butunlay boshqacha tarzda  yetishtiriladi.

Masalan, mana bu suratdagi bizga jahl bilan qarab turgan qiyofachalar bo‘lajak keshyu-hind yong‘oqlaridir.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.