Qonunchilik palatasidagi deputat ayollar nega jim?
Yaqinda Samarqand tumanida tug‘ilgan Soliha, Muslima, Muhammadumar, Muhammadusmon va ular misolida boshqa egiz chaqaloqli oilalar haqida yana yozishga qaror qildik.
Xabaringiz bor, avvalroq Samarqand tumanida to‘rt egizak tug‘ilgan oila ko‘makka muhtojligi haqida yozgandik.
Maqolaga ijtimoiy tarmoqlarda ham juda ko‘plab munosabat bildirildi. Ko‘pchilik uch yoki to‘rt egizak tug‘ilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi qachon shakllanadi, degan savolni bot-bot takrorlashdi. Maqola chiqqach, tegishli mutasaddilardan Mehribon Tohirovaning ota xonadoniga gaz berilgani haqida ma’lum qilishdi.
- Ha, maqola chiqqach, ko‘p o‘tmay, gaz, elektr idoralaridan xodimlar kelib, masalani o‘rganishdi hamda xonadonimizda gaz paydo bo‘ldi, - deydi biz bilan suhbatda Mehribon Tohirova. – Ammo kunlar sovishi bilan gaz yana yo‘qoldi, elektr tokidagi doimiy uzilishlar ham qiynayapti.
Farzandlarim tug‘ilgan tug‘ruqxonaga juda ko‘plab amaldorlar kelishdi, to‘g‘risi, ularning hammasini tanimayman. Bolalar uchun zarur jihozlar berishdi. Sog‘liqni saqlash vaziri go‘daklar katta bo‘lguniga qadar ularni bo‘tqa bilan ta’minlab turishini aytdi. Hozircha bu masalada muammo yo‘q.
Uch yoki to‘rt bolani katta qilishning zahmatini nafaqat ayollar, shu oiladagi erkaklar ham juda yaxshi his qilishadi. Ularga qachon jiddiy, asoslangan yordam ko‘rsatiladi?
Maqolada gaz muammosi bilan birga, egizak farzand tug‘ilgan oilalarga davlat tomonidan tegishli yordam ko‘rsatilishi haqida aniq takliflar bildirildi. Afsuski, hanuzgacha bu takliflarning amaliyotga joriy etilishi tugul, tegishli idoralarda ko‘rilishi haqida ham ma’lumotga ega bo‘lmadik. Nega?
Biz har safar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar orasida ayollar soni tobora ortyapti, deb gapiramiz. Odatda mazkur idoralarda ayollar sonining ko‘p bo‘lishi ular shu qatlam ehtiyojlari, bolalar masalalarini yaxshiroq bilishi va uni hukumat darajasigacha olib chiqib, hal etishga hissa qo‘shishi bilangina e’tiborlidir. Afsuski, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat ayollarini bu masala qiziqtirmaydi, shekilli. Aks holda, egizak farzandlar masalasi hamon ochiqligicha qolmagan bo‘lardi.
Qonunchilik tashabbusiga ega sub’yektlar vazirlik hamda idoralarni nahotki uch-to‘rt egizak tug‘ilgan oilalarning taqdiri qiziqtirmaydi? Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi oilalar bilan ishlaydigan oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining bu masalada jimligi kishini hayron qoldiradi.
Gulruh Mo‘minova.