Qonuniy huquqlarimiz yangi konstitutsiyamizda yanada kengaymoqda
Yurtimizda keyingi yillarda sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bunga O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tashkil etilishi, sudlar faoliyatini moliyaviy jihatdan ta’minlash masalasi sudlarning o‘ziga o‘tkazilganligi, sud xodimlarining ijtimoiy ta’minoti yaxshilanganligi, sud majlisida tortishuvchanlik tamoyillarini to‘laqonli mustahkamlash maqsadida himoya institutiga ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilganligi va boshqa bir qator izchil islohotlarni misol qilib keltirish mumkin.
2023 yilning 30 aprelida o‘tkazilishi rejalashtirilgan referendumning asosiy maqsadlardan bir ham yurtimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishdir.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda, yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi, huquqbuzarliklardan jabrlanganlar huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanish va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlashi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirish yo‘lida qabul qiladigan qonunlarimiz uchun xizmat qilishi kutilayotgan yangi Konstitutsiyamizda uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquklari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi mumkinligi kabi huquqlari konstitutsiya darajasida mustahkamlash kafolatlari berilmokda. Bundan tashqari, yangilanayotgan Asosiy qonunimizda har kimga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish konstitutsiyaviy huquqi berilayotir.
Yangi O‘zbekistonimizda adolatsiz «tizim»dan butkul voz kechib, inson huquqlarini qonuniy jihatdan ta’minlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratilgan yangi Konstitutsiyamiz mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevori sifatida xizmat qiladi.
Narzulla MURODOV,
FIB Samarqandshahar sudi raisi.