Yangilanayotgan Konstitutsiyada asosiy mezon: Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadi
Samarqand davlat universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyev Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida ma’ruza qildi. Amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘payayotgani va amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilayotgani, qo‘shimchalar ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidladi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va unga kiritilayotgan asosiy o‘zgartishlar haqida so‘z yuritdi.
- Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan va asosiysi, «Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadidir» degan norma belgilanmoqda, - dedi N.Ismoilov. - Jumladan, shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmagan bo‘lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanmoqda. Shuningdek, fuqarolar sud hukmidan norozi bo‘lib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishlari ham yangilanayotgan Qomusimizda belgilanmoqda.
Seminar davomida mahalliy Kengashlar deputatlari Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.