Yoshlar o‘z kelajagi uchun ovoz beryapti
Yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum oldidan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ularda davlat idoralari vakillari, jamoatchilik faollari hamda tadbirkorlar ishtirok etib, Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlar mazmun-mohiyati haqida chiqishlar qilyapti.
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ham shunday targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning har bir moddasi inson qadri uchun xizmat qilishini ta’kidladi.
- Barcha sohalarda muhim yangilanishlarga befarq bo‘lmaslik har bir insonning o‘z Vatani oldidagi burchidir, - deydi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. - Keyingi yillarda yoshlarning sifatli ta’lim olishi va yetuk kadr bo‘lib yetishishlariga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ular tomonidan erishilayotgan yutuqlar salmog‘i ham kundan-kunga oshib bormoqda. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklar hamda imkoniyatlardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham foydalanishi uchun ular yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilyapti.
Targ‘ibot tadbirida poytaxtdan kelgan san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.