Har bir fuqaro faol bo‘lmog‘i shart
Mamlakatimizda yangilanayotgan Konstitutsiya haqida har bir fuqaro uchun fikr bildirish, takliflar kiritish imkoniyati yaratildi. E’lon qilingan loyiha bilan qayta-qayta tanishdik, uni o‘qib-o‘rgandik. Bu loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 10 martda bo‘lib o‘tgan majlisida qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Yangilanish jarayoni 65 foizga teng bo‘ldi.
Vatan taqdiriga, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro Qomusimizga kiritilayotgan yangi moddalar muhokamasida faol ishtirok etdi. Inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni amalda ko‘rsatishga yana bir bor imkon tug‘ildi. Demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatimizni namoyon qildik. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanishini ko‘ngildan his etdik.
Insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayandik. Shu asosda yangidan qabul qilinayotgan Konstitutsiyamiz uchun faol ovoz berish haqiqiy fuqarolik burchimiz ekanini yaxshi bilamiz.
Men vazifam jihatidan ko‘plab fuqarolar bilan mamlakatimizda o‘tayotgan bu siyosiy jarayon bo‘yicha suhbatlashdim. Ularning barisi referendum haqida fikrlarini bayon etishadi, xalqimizning ijodkorligi, tashabbuskorligi haqida gapirishadi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi moddalarning ahamiyati to‘g‘risida o‘z fikrlarni bayon etishadi. Masalan, ular propiska va xorijga chiqish masalasida uzoq yillar qiyinchiliklarga uchraganlari to‘g‘risida gapirishadi. Endi esa bunday mushkulliklarning barisi tarixga aylanib qoladi. Chunki, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz barcha sohalar bo‘yicha fuqaroning erki, huquqining amalda namoyon etilishiga xizmat qiladi.
Firdavs MARDONOV,
Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 2-son IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan.