Qo‘qonda barpo etilgan “Samarqand”da kulolchilik va yog‘och o‘ymakorlik mahsulotlari barchaning e’tiborini tortmoqda

Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida samarqandliklar munosib ishtirok etmoqda.

Samarqandga ajratilgan hududda Registon majmuasi, hunarmandlar ustaxonalari va rastalari barpo etildi. Usta Mansur Asadov tomonidan ishlangan ayvon, xontaxta, eshik kabi yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlaridan dekoratsiya yaratishda foydalanildi.

Festivalda viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan milliy an’nana va tariximizni o‘zida aks ettirgan «Samarqandnoma» asari namoyish etilib, teatr aktyorlari tomonidan Amir Temur siymosi gavlantirildi. Urgutning «Beshqarsak» folklor-etnografik jamoasi tomonidan ijro etilgan lapar va xalq qo‘shiqlari, ayniqsa, nonlar va holvalar uchun ajratilgan joyda tashkil etilgan choyxona nafaqat xorijlik sayyohlar, balki vodiyliklarda ham katta taassurot qoldirdi.

Festival doirasidagi tadbirlarda viloyatimizning 90 nafarga yaqin hunarmandlari o‘zlari tayyorlagan 15 turdagi mahsulotlarni namoyish etmoqda.

Xurshid GADOYeV.