Qo‘rquv va vahimaga tushmaslik, ehtiyotkorlikni namoyon qilish, ko‘tarinki ruhni yo‘qotmaslik lozim

Hozirgi kunda butun dunyo jamoatchiligi diqqat markazida COVID-19 pandemiyasi xavfi turibdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori joriy yilning 11 martida tarixda dunyo ilk bor koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga duch keldi, deya e’lon qildi.

Pandemiya nima degani? Pandemiya bu juda katta hududga tarqalgan, ko‘plab odamlarning hayotiga xavf soladigan, tez yuqadigan kasallik holatidir. Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari va tegishli ekspertlarning fikriga ko‘ra, hozir dunyo bo‘ylab avj olgan koronavirus kasalligi insoniyat tarixidagi keyingi yuz yillikda uchragan eng xavfli epidemiyalardan biridir.

Barcha davlatlar kasallik tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashda qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritish va korxonalar faoliyatini to‘xtatish, karantin holati e’lon qilish, quruqlik, dengiz va havo chegaralarini yopish, xalqaro qatnovlarni to‘xtatish, odamlarning ommaviy to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik va boshqalar ana shular sirasidandir.

Bugun dunyoning deyarli barcha mintaqalarida millionlab odamlar o‘zlarining turmush tarzi tubdan o‘zgarib ketganiga guvoh bo‘lib turibdi. Yuzaga kelgan vaziyatda virus tarqalishini kamaytirish va uning oldini olish uchun barcha davlatlar tomonidan qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilishi talab etiladi. Bu xavfli kasallikni yengish yo‘lida davlat organlari va sog‘liqni saqlash tizimlari tomonidan ko‘rilayotgan tadbirlarda aholining barcha qatlamlari va keng jamoatchilikning faol ishtirok etishi juda muhim.

Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tahdid solib turgan bir paytda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan ofatdan xalqimizni asrash bo‘yicha va infeksiya kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish borasida tezkor, ta’sirchan, qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundanoq barcha ta’lim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi to‘xtatildi. Avtotransport cheklovlari o‘rnatildi, oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan boshqa savdo ob’yektlarining faoliyati to‘xtatilib, ko‘plab tashkilotlarda xodimlar mehnat ta’tiliga chiqarildi yoki masofaviy ishlash tartibiga o‘tkazildi. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘ayib ketishi uchun ularga JSST tavsiyalari asosida va xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Ayni kunlarda barcha kuch va vositalar, mablag‘ va resurslar koronavirus epidemiyasi keng tarqalishining oldini olish, virus bilan kasallanganlarni talafotsiz sog‘aytirish, butun mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holatini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan. Prezidentimiz koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek: “Davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan”. Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, insonlarni sog‘lomlashtirish va sog‘lom muhitni yaratish, sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar bugungi kunda va kelgusida O‘zbekiston siyosiy kun taribida turgan bosh masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

COVID-19 tarqalishining oldini olish va to‘xtatishga yo‘naltirilgan mislsiz chora-tadbirlar, garchi, katta ijtimoiy va iqtisodiy sarf-xarajatlar hisobiga bo‘lsa-da, vaqtdan yutish va sog‘liqni saqlash tizimi zimmasiga tushayotgan yukni kamaytirishga yordam beradi. Pandemiyaning e’lon qilinishi – istisnosiz barcha mamlakatlarga qaratilgan yangi virusga qarshi kurashdagi eng faol va qat’iy harakatlarga chorlovdir. Ushbu harakatlar butun jamiyat va barcha davlat boshqaruvi sektorlari sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilishi lozim. Umumiy xavfni yengib o‘tish uchun biz irodali va qat’iyatli bo‘lishimiz talab etilmoqda.

Jahon hamjamiyatining nufuzli tashkilotlari rahbarlari karantin qoidalari – so‘zsiz amal qilinishi lozim bo‘lgan eng katta zarurat ekanligini ta’kidlamoqda va uni buzmaslik yuzasidan tinmasdan ommaga murojaat qilmoqda. Dunyoda vaziyatning keskin tus olayotganini va karantin qoidalariga amal qilishning qay darajada muhim ekanini yana bir bor eslatib qo‘yish uchun ham mazkur murojaat va chorlovlardan ayrimlarini keltirib o‘tish mumkin.

Vaqti kelib COVID-19 pandemiyasi cho‘qqisiga chiqadi va pasaya boshlaydi. Biroq biz hozircha uning tarqalishini to‘xtatishimiz va odamlarni himoya qilishimiz kerak. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning va JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning chaqirig‘i shunday jaranglamoqda. Ular virus ustidan g‘alaba qozonish uchun jamoatchilikning mislsiz sa’y-harakatlari talab qilinishi haqida ogohlantirib kelmoqda.

Bizning avlod misli ko‘rilmagan xavfga duch keldi. Odamlarning tashvishga tushganlari va sarosimada ekanliklarining hayron qoladigan joyi yo‘q. “Ayniqsa, himoyaga muhtoj holatdagi kimsalar – keksalar va oldindan kasal bo‘lib kelgan kishilar, zarur tibbiy yordam olish imkoniyati yo‘qlar va kambag‘allikda yoki jamiyatning e’tiboridan chetda kun kechiruvchilar aziyat chekmoqda”, deya ta’kidladi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Biz virusning tarqalishini to‘xtatishimiz va bir-birimiz haqimizda qayg‘urishimiz kerak. “Biz vahimaga tushmasligimiz, buning o‘rniga ehtiyotkorlik namoyish qilishimiz kerak. Illatga qarshi biz ilmiy ma’lumotlarni, qurquvga qarshi esa dalillarni qo‘yishimiz kerak”, deya oqilona mulohaza yuritishga chaqiradi Antoniu Guterrish.

BMT Bosh kotibi COVID-19 tarqalishi pandemiya deya e’tirof etilganiga qaramasdan, uni nazorat qilish mumkin deb hisoblaydi. Ayni paytda u buning uchun shaxsiy, mahalliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlar talab etilishidan ogohlantirdi.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus 50 mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirlari bilan onlayn-kengash natijasida virusni erta aniqlash va diagnoz tasdiqlangan kishilarni ajratib qo‘yish, kasallar bilan aloqaga kirishgan shaxslarni kuzatish va ularni karantinga olish, shuningdek, davolash samaradorligini oshirish  belgilanganligi hamda bundan tashqari, aholi bilan doimiy aloqa o‘rnatish ham o‘ta muhim, bu hukumatga ishonchni mustahkamlash va fuqarolarni epidemiyaga qarshi kurashga safarbar qilishga yordam berishini ta’kidlab o‘tdi. Tedros Gebreyesus Singapur Sog‘liqni saqlash vazirining “Biz endi kurashning boshlanishidamiz. Xotirjamlikni saqlashimiz, birlashishimiz va o‘zaro kelishib harakat qilishimiz kerak”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘tdi.

JSST Tinch okeani G‘arbiy qismi mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Takeshi Kasaining (Takeshi Kasai) Tinch okean G‘arbiy qismi mamlakatlaridagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat haqidagi murojaatida “Eng asosiy xulosa – ushbu epidemiyani to‘xtatish mumkin. Bugun Xitoyda ilk marotaba mahalliy darajada infeksiya bilan zararlanish holati qayd etilmadi. Shunga qaramay, mamlakat sog‘liqni saqlash organlari baribir virusning mamlakatga chetdan kirib kelishi holatlarini aniqladilar va qayd etdilar. Holbuki, o‘tgan oyda epidemiya avjiga chiqqanida mamlakatda kuniga 3800 ta infeksiya bilan zararlanishning yangi holatlari qayd etilgan edi. Xuddi shunday yo‘sinda Koreya Respublikasi, Yaponiya va Singapur ham epidemiya sur’atlarini pasaytirishga muvaffaq bo‘ldi va so‘nggi haftalarda kasallanish hollarining kundalik qayd etilishi ko‘rsatkichlari ancha past ekanligi haqida xabar bermoqda”, deb ta’kidlab o‘tilgan.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening matbuot uchun bergan bayonotida “Virus tarqalishining oldini olish va to‘xtatishga qaratilgan mislsiz choralar vaqtdan yutishga va kelgusidagi harakatlarimizga tayyorgarlik ko‘rishga imkon beradi. Bunday vaziyatda biz ko‘tarinkilik ruhini saqlashimiz, o‘zimizning jismoniy va ruhiy salomatligimiz haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak – biz uchun yagona yo‘l shudir. Ayni paytda ruhiy zo‘riqish, xavotir, qo‘rquv – inqiroz holatida tabiiydir. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hozirda kishilarning ruhiy holatiga birinchi darajali e’tibor qaratmoqda. Oxir-oqibat, bizning rolimizda, eng muhimi, ezgulik va mehr ulashish, biroq, ayni damda, jismoniy masofani saqlash choralari to‘g‘risida unutmaslikdir”, deb ta’kidlab o‘tdi.

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Boshqaruvi Kengashi va JSST koronavirusga qarshi kurash kuchlarni birlashtirmoqda va xalqaro miqyosda taniqli futbolchilar bilan yangi axborot kampaniyasini boshlamoqda. Ular infeksiyaning tarqalishini to‘xtatishga yordam beradigan beshta global chora ko‘rishga chaqirmoqda. “Sizning pasingiz: Koronavirusni o‘yindan chetlating” aksiyasi sog‘liqni saqlash uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan besh qadam haqida ma’lumot tarqatishga qaratilgan, ular sirasiga qo‘lni yuvish, nafas olish odobiga rioya qilish, yuzga tegmaslik va o‘zini boshqa odamlardan uzoq tutish hamda o‘zini yomon his qilganda uyda qolish kiradi.

Har birimiz jamiyatning bir bo‘lagimiz. Bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish va o‘zaro bir-biriga ijtimoiy va hissiy ko‘mak bilan murojaat qilish inson tabiatiga xos. Epidemiya bizning odatiy hayot tarzimizni izdan chiqardi. Biroq har yomonning bir yaxshisi bo‘ladi deganlaridek, u bizga yangi imkoniyatlarni ham taqdim qilmoqda. Karantin davomida odamlar o‘z oilasi bilan o‘tirishga, yaqinlari bilan birlashib, oqibatni kuchaytirishi, ko‘proq yaxshilik, g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan hozirda pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati qo‘llayotgan ommaviy karantin tavsiyalariga quloq tutib, sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak.

Muhimi, bugungi vaziyatda har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondashishimiz, bizning ham butun insoniyat oldida pandemiya qo‘yayotgan majburiyatlardan chetda turishga haqqimiz yo‘qligini unutmasligimiz kerak. Bizdan oddiy narsalar talab qilinmoqda. Bu vahimaga tushmaslik va ehtiyotkorlik. Xavotir va qo‘rquvni inkor qilib bo‘lmaydi. Qo‘rquv va vahima bizni kuchsizlantiradi! Ehtiyotkorlik esa uyda qolishni va eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash, himoya qilish uchun sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishni taqozo etadi.

Keling, zimmamizdagi umuminsoniy vazifani ado etaylik, ko‘pga kelgan bu ofatga qarshi birdam bo‘lib kurashaylik. O‘zimizni va yaqinlarimizni asraylik. Jiddiy zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaylik!

Inson hayotining qiymati yo‘q. U Yaratgan tomonidan bir marta beriladi.

Shuhrat RAXMONOV,

Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.