Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: Xorij jurnallarini zabt etgan Iroda
Jizzax - o‘nlab buyuklarga beshik bo‘lgan tabarruk maskan.
Ana shunday buyuk salaflar haqida gap ketganda, ikki siymo beixtiyor ko‘z oldimizga keladi. Bular - Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim!
Jizzax shahriga kirgandan so‘ng Sharof Rashidov xiyoboni bo‘ylab yurar ekansiz, dastlab Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeyiga duch kelasiz. Ular siymosi aks etgan suratlar, odmigina liboslar va buyumlarni ko‘rib, inson qalbini ajib tuyg‘ular egallaydi.
Har yili Hamid Olimjon va Zulfiyaning tavallud sanalari yurtimizda keng nishonlanadi. Ularning ijod namunalari, sermazmun asarlari yana bir bor yodga olinib, shoirlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, yuqorida tilga olingan muzeyga yaqin joyda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi.
Ijod maktabida 100 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli faollar zali, 75 o‘rinli oshxona o‘quvchilar ixtiyorida. Maktab tashqarisida voleybol, basketbol o‘yingohlari mavjud.
- Visola Tursunovaning “Kamalak yulduzlari” she’riy to‘plami, 10-sinf o‘quvchisi Iroda Xolbekovaning “Bahorni qo‘msab” kitobi, 11-sinf o‘quvchisi Gulsanam Bahriddinovaning “Lolaqizg‘aldoq”, “Qadrgulim”, Mohichehra Abdurasulovaning “Shirin orzular” kabi kitoblari nashrdan chiqdi, - deydi maktab direktori o‘rinbosari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ma’mura Yoqubova. - Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan chop etilgan “Ijod bog‘idan guldasta” nomli to‘plamda maktab-internatining 5 nafar iqtidorli o‘quvchilarining ijod namunalari jamlangan. Shuningdek, ijod maskanining 10 nafar o‘quvchi-yoshlari respublika ijodiy tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 9-sinf o‘quvchisi Nasiba Boshmonova “Til - millat hamiyati” nomli maqolasi bilan Germaniyada o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada sertifikat bilan taqdirlandi. 10-sinf o‘quvchisi Iroda Xolbekovaning Ukrainaning “Avtograf”, Germaniyadagi “Masterskaya”, Qozog‘istondagi “Daktil” jurnallarida qator tarjimalari chop etildi.
Maktab-internat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi bilan doimiy tarzda hamkorlikda o‘quvchilar va shoir-yozuvchilar o‘rtasida mahorat darslari tashkil etib bormoqda.
Markaziy Osiyoda yagona
Viloyatda aholi salomatligini mustahkamlash va sportni ommalashtirish masalalariga ham jiddiy e’tibor berilyapti. Bu yo‘nalishda ham yangi-yangi ob’yektlar qurilib, ishga tushirilmoqda.
Jumladan, yaqinda Jizzax shahrida bunyod etilgan “Velotrek” sport majmuasi hozircha Markaziy Osiyoda yagona sanaladi. Ahamiyatlisi shundaki, mazkur ob’yekt ishga tushganidan so‘ng O‘zbekiston dunyoda “Velotrek” majmuasiga ega bo‘lgan 20 ta davlatning biriga aylandi.
– Men velosiped haydashga bolaligimdan qiziqar edim, ammo zarur sharoitning yo‘qligidan turli yo‘llarda bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelardi, - deydi Shahzod Jo‘rayev. – Mana endi alohida joy, ajoyib sharoit bor. Nasib qilsa, bu majmuada muntazam shug‘ullanib, yaqin kelajakda viloyat, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etish va mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish niyatim bor.
***
Jizzaxda ikki kun davomida ko‘rgan-kechirganlarimiz ana shular bo‘ldi. Darvoqe, yana bir gap. Voha bo‘ylab safarimiz davomida kim bilan suhbatlashmaylik, jizzaxliklarning ko‘zlarida ertangi kunga ishonch, qat’iyat, g‘ayrat-shijoatni ko‘rdik. Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan yurtimizda, bizningcha, eng muhimi shu. Zero, ishonch va harakat ertangi yutuqlar kafolatidir.
Yormamat Rustamov.
***
Samarqand – Jizzax – Samarqand.