Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida Qurbon hayiti namozi koronavirus tufayli bekor qilindi

Koronavirus pandemiyasi sababli Qozog‘iston poytaxtida Qurbon hayiti namozi o‘qilmaydi. Bu haqda Nur-Sulton shahri ma’muriyati ma’lum qildi.

“Sanitar-epidemiologik vaziyat sababli 31 iyul kuni shahar masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qilmaydi, bayram onlayn formatda o‘tkaziladi”, dedi Nur-Sulton hokimligi vakili.

Mamlakatda so‘nggi kecha-kunduzda 1 402 nafar koronavirus holati qayd etildi, kasallanganlarning umumiy soni 83 122 nafarga yetdi. Sog‘aygan bemorlar soni 52,5 mingdan oshdi va 610 o‘lim holati qayd etildi. Mamlakatda epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli Qozog‘iston hukumati 5 iyul sanasidan e’tiboran mamlakat bo‘ylab ikki haftalik kuchaytirilgan karantin e’lon qildi, joriy etilgan karantin keyinchalik 2 avgustga qadar uzaytirildi.

Qozog‘istonda qurbonlik so‘yishga buyurtma berish uchun maxsus sayt ishga tushirildi, saytning o‘zida qurbonlik go‘shtidan olishga ariza topshirsa bo‘ladi.