Qozog‘istonda qor bo‘roni va sovuq havo tufayli yo‘llarning 130 ga yaqin uchastkasi yopildi, trassalarda qolib ketgan odamlarga yordam ko‘rsatilmoqda

Qozog‘istonda ob-havo sharoitining yomonlashuvi munosabati bilan respublika va viloyat ahamiyatidagi yo‘llarning 127 ta uchastkasi yopildi, deb xabar berdi bugun mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

“Ob-havo sharoitining yomonlashishi (bo‘ron, yomon ko‘rish, qor yog‘ishi) tufayli 127 ta yo‘l uchastkasi yopilgan, shundan 49 tasi respublika va 78 tasi hududiy ahamiyatga ega yo‘llardir”, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda.

Yo‘llardagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha respublika shtabi tuzildi, viloyatlarda ham shunday shtablar faoliyat yuritmoqda, deya ta’kidladi boshqarma.

Aytilishicha, yo‘llarning yopiq uchastkalarida 838 ta vaqtinchalik isitish punktlari tayyorlangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punktlarida 600 ta avtomobil to‘planib qolgan.

Yo‘l xizmatlari yo‘l qismini tozalash ishlarini olib bormoqda. Qutqaruv ishlariga jami 1000 ga yaqin odam va turli bo‘limlardan 600 ga yaqin texnika jalb etilgan. Kun davomida qutqaruv bo‘linmalari tomonidan Jambil, Turkiston, Qo‘stanay, Qarag‘anda va Abay viloyatlari trassalaridan 690 dan ortiq odam qutqarilgan va evakuatsiya qilingan.