Qozog‘istondagi norozilik namoyishlarida saksondan oshiq odam hibsga olindi

Qozog‘istonning bir necha shahrida siyosiy mahkumlarni ozod etish va bo‘lajak prezident saylovini boykot qilishga chaqirib o‘tkazilgan norozilik namoyishida saksondan oshiq odam hibsga olindi, deb xabar bermoqda minbar.uz.

"Nursulton – mening poytaxtim emas, To‘qayev – mening prezidentim emas, Darig‘a – mening senatimning spikeri emas", kabi shiorlar bilan Olmaota va poytaxt Nursultonda 1 may kuni namoyishchilar ko‘chaga chiqqan.

1 mayda mamlakatda Qozog‘iston xalqlari birdamligi kuni nishonlanadi, shaharlarda rasmiy marosimlar bo‘lib o‘tadi.

Namoyishchilar, shuningdek, mualliflari 15 sutkaga qamalgan "Haqiqatdan qochib qutulolmaysan!",  degan shiorlarni ham qaytargan va mualliflarni ozod etishni talab qilgan.

  • Avvalroq Asiya Tulesova va Beybaris Tolimbekov 21 aprelda Olmaotada bo‘lib o‘tayotgan marafonda "Haqiqatdan qochib qutulolmaysan!" bannerini osib qo‘ygani uchun 15 sutkaga qamalgan edi.
  • Tulesova va Tolimbekov ishi jamiyatda katta shov-shuv bo‘ldi: Amnesty International ularni siyosiy mahkum deb e’lon qildi, chet eldagi qozoq talabalar o‘z elchixonalari oldida norozilik aksiyalarini o‘tkazdi.

78 yashar Nursulton Nazarboyev 2019 yilning mart oyida iste’fo berishi ortidan senatning 65 yoshli raisi Qosim Jo‘mart To‘qayev mamlakatning muvaqqat prezidentiga aylangan. Belgilangan qonunga ko‘ra, u mamlakatni 2020 yilning apreliga qadar boshqarishi lozim edi.

  • Biroq shu oy boshida To‘qayev mamlakatda muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan. Prezident saylovi 9 iyunga belgilangan.
  • Qozog‘istonning hukmron "Nur-Otan" partiyasi iyunda o‘tuvchi prezident saylovida muvaqqat prezident Qosim Jo‘mart To‘qayev nomzodini ilgari surdi.
  • To‘qayevdan boshqa yana 7 nomzod saylovda ishtirok etadi.