“Qurol to‘g‘risida”gi qonunda nimalarga ruxsat berildi?

Ushbu qonun qabul qilingach, aksariyat odamlarda “Endi hamma qurol sotib oladimi, xohlagan qurolni sotib olish mumkinmi”, degan savollar tug‘ilmoqda.

Avvalo qayd etish lozimki, qurol sotib olish, olib yurish va saqlash borasida ilgari 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bor edi va qonun bilan ular yaxlit hujjat holiga keltirildi.

Qonun bo‘yicha faqat ruxsat berilgan fuqarolar qurol sotib olishi, saqlashi va olib yurishi mumkin. Sotish ham faqat maxsus ruxsat berilgan do‘konlarda amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Samarqand viloyatida faqat Samarqand shahridagi ikkita do‘konga fuqaroviy qurol sotishga ruxsat berilgan.

Qonunga ko‘ra, qurol uch turga - jangovar qurol, xizmat quroli va fuqaroviy qurol turlariga bo‘lindi. Jangovar qurol ichki ishlar, milliy gvardiya, DXX, bojxona, harbiy xizmatchilarning xizmat vazifasini bajarish chog‘ida foydalanadigan qurollar. Qaysi xizmatda, qaysi qurol turlaridan foydalanilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab beriladi.

Xizmat quroli – inkassatsiya, pochta, tabiatni muhofaza qilish idoralari xodimlariga xizmat vazifasini bajarishi uchun beriladigan qurollar. Qaysi xizmat xodimlari, qaysi quroldan foydalanishini Vazirlar Mahkamasi belgilab beradi. Saqlash va olib yurish uchun Milliy gvardiya tomonidan ruxsat beriladi.

Fuqaroviy qurollarni fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlarga sotib olish, olib yurish va saqlashga ruxsat Milliy gvardiyaning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan beriladi.

Qonun bilan sohaga oid o‘zgarishlardan yana biri, ilgari qurol sotib olish, olib yurish va saqlashga ichki ishlar idoralari tomonidan ruxsat berilardi. Qonunga muvofiq bu ish endi Milliy gvardiyaning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, endi bir yilga emas, uch yilga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, oldingi normativ huquqiy hujjatlarga ko‘ra, faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qurol sotib olish, olib yurish va saqlashga ruxsat berilardi. Qonunga ko‘ra, endi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham belgilangan talablar asosida ruxsat beriladi.

Avval fuqaroga nechta qurol sotib olish, olib yurish va saqlash mumkinligi to‘g‘risida norma yo‘q edi. Qonunda 5 dona silliq stvolli, 3 dona soyli stvolli, jami 8 tagacha qurol sotib olish, olib yurish va saqlash mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Ko‘pchilik biladi, shu paytgacha pnevmatik qurollarga ruxsatnoma olish shart emas edi. Qonun bilan pnevmatik qurollarga ham ruxsatnoma olish majburiy qilib belgilandi.

Shuningdek, qonun bilan qurol sotib olish, olib yurish va saqlash borasida alohida-alohida yosh normalari belgilab qo‘yildi. Xususan, himoya qurollarini sotib olish uchun 18 yosh, ov qurollarini sotib olish uchun 21 yosh belgilandi.

O‘z navbatida, qonunga muvofiq fuqaroviy qurol uch turga bo‘linadi - ov quroli, sport quroli, himoyaviy qurol.

Oldin himoyaviy qurollarga – elektroshok qurilmalar, uchqun chiqargichlar, gazli balonchalar, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalar, rezinali to‘pponcha va boshqalarni sotib olish, olib yurish va saqlashga ruxsat yo‘q edi. Qonun bilan endi bunga ruxsat berildi.

Eslatib o‘tamiz, himoyaviy qurolni faqat sotib olish, olib yurish va saqlashga ruxsat etiladi, foydalanishga emas. Himoyaviy quroldan foydalanish bo‘yicha alohida yo‘riqnoma ishlab chiqiladi.

Himoyaviy qurolni jamoat joylarida, aholi gavjum maskanlarda olib yurish qat’iy ta’qiqlanadi. Ushbu qoidalarni buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonun 2020 yil 30 yanvardan kuchga kiradi.

To‘ychiboy QO‘ZIBOYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik.