Quruvchining bunyodkor farzandi (9 avgust - Qurilish sohasi xodimlari kuni)
Kasbimiz taqozosi bilan yangi ob’yektlar qurilish jarayonlarini yoritish yoki ularni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashishimizga to‘g‘ri keladi. Ko‘p hollarda yirik, davlat ahamiyatiga ega ob’yektlarni ko‘pchilikka tanish bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, “sinovdan o‘tib, ishonchni oqlagan” qurilish tashkilotlari bunyod etayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun qayerda kattaroq qurilish ketayotgan bo‘lsa, buni falon quruvchi quryaptimi, deb so‘rasak savolimizga o‘zimiz kutgan javobni olamiz.
Past Darg‘om tumanidagi “Temir Qalqon” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqanddagi ana shunday “ko‘zga tashlanib”, tanilib qolgan qurilish tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Viloyatning istalgan tuman yoki shahariga borsangiz, mazkur jamiyat quruvchilari bunyod etgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport inshootlarini ko‘rishingiz mumkin. Past Darg‘om tumani markazidagi yoshlar istirohat bog‘i, Urgutdagi “Chorchinor” bolalar oromgohi, Narpay tumani markaziy shifoxonasi, Bulung‘ur tumani Mingchinor sport majmuasi va Kildon oilaviy poliklinikasi, Samarqand shahridagi viloyat kardiologiya dispanseri, Qorasuv massividagi zamonaviy ko‘p qavatli uylar, Nurobod tumani Jom qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi asosida qurilgan bog‘cha va poliklinika – eh-he, bu kabi inshootlarni sanab sanog‘iga yetish qiyin.
– Odam ezgu ishlari va bunyodkorligi bilan nom qozonadi, – deydi “Temir Qalqon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qosim Qarshiyev. – Birovga bir og‘iz shirin gap gapirsangiz yoki biror joyda bir tup daraxt eksangiz, bitta g‘isht qo‘ysangiz – shu sizning nomingiz bilan bog‘lanadi. Shu kabi ishlaringiz, harakatingizga qarab baho berishadi, eslashadi. Bizga otam shunday tarbiya berganlar, o‘zlari shu qoidaga amal qilib, bizni ham shunga da’vat qilganlar. Bir umr qurilish tashkilotida ishlaganlar. Menga, akalarimga quruvchilik otamizdan o‘tgan. To‘g‘ri, otam bizdek mustaqil ish qilmagan, davlat qurilish trestida ishlagan.
Lekin, uy qurgan, maktab, bog‘cha qurgan. Shu bilan elga tanilgan, xalqning hurmatini qozongan. Hozir ham katta yoshli kishilarga Xolbek Qarshiyevning o‘g‘liman, desam yaxshi gaplar bilan otamni yodga olishadi, ibratli xotiralarni gapirib berishadi. Bu yil Samarqand eshkak eshish kanalini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldik va shu yerda qurilishni boshladik. Tasodifni qarang, ish boshlashdan oldin majmua tarixi bilan qiziqdim, keksa quruvchilar bilan gaplashdim. Majmuaning eski binosi qurilishida otam ishtirok etgan ekan. Yillar o‘tib, endi biz bu yerda qurilish qilyapmiz. Umuman, qayerda, qanday qurilish boshlamay, otamni yodga olib, u kishining o‘gitlarini eslab, yaxshi niyatlar qilaman, qurilajak bino temirdek mustahkam, turli baloyu ofatlarga qalqon bo‘lib, xalqimizga xizmat qilishini so‘rayman. Korxonamiz nomini shuning uchun “Temir Qalqon” deb ataganmiz.
Qosim Qarshiyev ko‘p yillardan buyon quruvchilik bilan shug‘ullansa-da “Temir Qalqon”ni 2009 yilda tashkil qilgan. Dastlab namunaviy loyihalar asosida uy-joylar bunyod etgan quruvchi tez orada tilga tushgach, boshqa yirik ob’yektlar ham unga ishonib topshiriladigan bo‘ldi. Natijada dastlab sanoqligina texnika, 15-20 nafar ishchi bilan ish boshlagan korxona bugun katta-kichik 20 ga yaqin zamonaviy qurilish texnikasiga ega, 100 ga yaqin quruvchi mehnat qilayotgan yirik jamiyatga aylandi. Korxona jamoasi o‘tgan yil viloyat tumanlarida bir qator ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, tibbiyot muassasalari va sport inshootlarini o‘z vaqtida, sifatli qurib, foydalanishga topshirdi. Bu yil esa ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqa kichik ob’yektlar bilan birga Samarqand eshkak eshish kanali hamda Rossiya jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali o‘quv binosi rekonstruksiyasini amalga oshirmoqda.
– Samarqandda yangi tashkil etilgan mazkur o‘quv muassasasi binosini zamon talablariga to‘la javob beradigan tarzda bunyod etish vazifasi bizga topshirilgach, loyihachi hamda filial rahbariyati bilan birga Rossiyaga borib, universitet faoliyati, bino va sport inshootlarining holati, bizga qanday talablar qo‘yilishi bilan tanishdik, – deydi Qosim Qarshiyev. – Rossiyalik mutaxassislar bilan gaplashdik, o‘quv dargohida talabalar va professor-o‘qituvchilar, sportchilar uchun xalqaro talablar darajasida qanday shart-sharoit bo‘lishi kerakligi bilan qiziqdik. O‘zimiz uchun ko‘p foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik, tajriba o‘rgandik. Shu asosida kelib, qurilish-rekonstruksiya ishlarini boshladik.
6-7 davomida loyihada belgilangan ishlarni bajarib, yaqin kunlarda obodonlashtirish ishlarini ham yakunlaymiz. Ayrim qo‘shimcha binolar qurilishini ham yil yakuniga qadar tugatamiz. Umuman, har bir ob’yektni o‘z vaqtida qurib, foydalanishga topshirishga harakat qilamiz. Besh oydan buyon yurtimizda karantin sharoiti bo‘lsa-da ish to‘xtab qolgan emas. Belgilangan sanitariya qoidalariga amal qilib ishlayapmiz. Qurilish materiallaridan ham muammo yo‘q hozir. Bundan 7-8 yil oldin g‘isht, plita uchun oylab navbat kutardik. Shunday paytlar bo‘lganki, Samarqanddagi qurilish ob’yektlarimiz uchun Navoiy, Buxorodan g‘isht olib kelishga majbur bo‘lganmiz. Bugun esa yaratilgan imkoniyat va qulaylik tufayli qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari shunchalik ko‘payib ketdiki, kerakli mahsulotlarni tanlab olyapmiz.
Birgina Past Darg‘om tumanida bugun 11 ta g‘isht zavodi ishlayapti. Shuning uchun hozir barcha ob’yektlarimizda materiallarni zarur miqdorda keltirib qo‘yganmiz. Ish bir zum to‘xtamaydi, birdek davom etadi. Kuzatuv kameralari o‘rnatganmiz, qurilish jarayonini o‘zimiz, buyurtmachilar kuzatib borishadi.
Ha, darvoqe, “Temir Qalqon” Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanida Sardoba suv omboridan suv toshishi oqibatida zarar ko‘rgan aholi uchun uy-joylar barpo etishda ham samarqandlik quruvchilar qatorida faol qatnashmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (foto).