Quruvchining qadri qancha?

Quruvchilarga qulay yashash sharoiti yaratilganmi, ular bundan rozimi, turar joyi sanitariya talablariga javob beradimi?

Esingizda bo‘lsa, bu haqda oldin ham to‘xtalgandik. Ushbu masala mutasaddi rahbarlar va deputatlar e’tiboriga tushganini ham unutmagandirsiz.

Bu haqda fikrlashishdan oldin Samarqand shahridagi qurilishlarning birida ishlaydigan o‘rtog‘im bilan bo‘lgan suhbatga e’tiboringizni qaratsam.

-  Bir haftadan buyon yuvina olmadim, shunga kvartirangga keldim. Muzdek suv kasal qiladi. Buning ustiga havo ham sovib qoldi.

-  Issiq suv yo‘qmi xonangda?

-  E, bu nima deganing, hali qurilishi bitmagan ob’yektda issiq suv qayerdan keladi? 

-  O‘zi qayerda yashaysizlar?

-  Sharoiti bori o‘z uyiga, kvartirasiga ketadi. Menga o‘xshagani esa ko‘rpa-yostig‘ini olib, ob’yektning qurilishi tugagan qismida yoki yerto‘lasida qoladi.

-  Nega senam kvartirada turmaysan, buyog‘i qish?

-  O‘zi topganim oilamga zo‘rg‘a yetadi. Hozir eng arzon kvartira ham 200 ming so‘m, yana sharoiti yaxshi emas...

O‘ylanib qoldim. Hozir Samarqandda nima ko‘p – qurilish ko‘p. O‘rtog‘im singari tumandan qatnab ishlayotganlar qancha? Topganini iqtisod qilib, uyimga olib boray, deb hali bitmagan uyda, ne bir sharoitlarda yotib yurganlari-chi?

Shu gap sabab bo‘lib qurilishlarda bunyodkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni kuzata boshladim.

Zarur kiyim-bosh, xavfsizlik talab­lari ta’minlanmagani o‘z yo‘liga. Ammo aksariyat qurilish ob’yektida ustalar beton ustiga ko‘rpacha to‘shab olgan. Ularning oshxonasiyam, yeb-ichib bo‘lgach, yotog‘iyam shu yer.

Endi savol tug‘iladi, oddiy yotoq masalasini o‘ylab ko‘rmagan mas’ullar quruvchilarga sanitar sharoit qilib beradimi?

Bu savolni Rossiyada ishlab, yilda 10-15 kunga kelib ketadigan hamqish­log‘imga berdim.

- Ustaga sharoit yaratish uchun kimdir tergashini kutish, talab qilmasa shart emas, degan gaplar ular uchun begona, - deydi u. - Mana masalan, biz ishlaydigan qurilish firmasida qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan ko‘chma konteynerimiz bor. Ishchilar qancha ko‘p bo‘lsa, shunga yarasha konteyner keltirishadi. Oshxona boshqa konteynerda, yuvinish uchun alohida yig‘ib-teriladigan dush.  Qishning chillasida ham shunday sharoit bo‘ladi.

Xo‘sh, kimdir aytadimi,  o‘zimizning "qorako‘zlar" uchun bunday sharoit  qachon yaratiladi?

Fazliddin Ro‘ziboyev.