Quyosh panellari o‘rnatishda nega sustkashlikka yo‘l qo‘yilyapti?
2023 yilda Samarqandda 3251 ta aholi xonadonlarida jami quvvati 17,6 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatish rejasi belgilangan. Ammo amalda viloyat bo‘yicha quvvati 3,55 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, belgilangan reja bor-yo‘g‘i 20,8 foizga bajarilgan.
Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining 89-sessiyasida aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu borada eng yomon holat Samarqand shahrida — 12 foiz. Shuningdek, Past Darg‘omda 19 foiz, Kattaqo‘rg‘on tumanida 16 foiz, Jomboyda 18 foiz, Payariq tumanida 19 foizga, Samarqand va Toyloq tumanlarida 20 foiz, Ishtixon va Urgut tumanlarida 21 foizga bajarilgan.
Qolgan tumanlarda ham belgilangan rejalarning bajarilishi 50 foizga yetmaydi.
Shuningdek, xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha 3 251 ta aholining 175,5 mlrd. so‘m kreditga bo‘lgan talabi aniqlanib, ro‘yxati shakllantirilgan. Lekin, bugungi kunda 833 ta (25 foiz) aholi xonadonlari uchun jami 22,5 mlrd. so‘m kredit ajratilgan, xolos.