Rahbarlar ustamani cho‘ntagidan to‘laydimi?

Bu borada Prezident imzolagan hujjatlar ijrosi talab bo‘lmasa bajarilmayotgani ajablanarli.

Negaki, sal avvalroq viloyat hokimligida ham Prezident Farmonida belgilangan bo‘lishiga qaramay ko‘plab tashkilotlarda sport targ‘ibotchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagani keskin tanqid qilingandi. Faoliyat ko‘rsatayotgan sport targ‘ibotchilariga esa belgilangan ustamalar to‘lanmayotgani haqida aniq misollar keltirilgan.

Adliya bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim rahbarlar boshqa turdagi ustamalarni to‘lashni ham “yoddan chiqarishayotgani” aniqlangan.

Misol uchun, Payariq tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan ayrim fuqarolar ularga sport targ‘ibotchisi qo‘shimcha vazifasi yuklatilganligi, biroq belgilangan ustama to‘lovlari to‘lanmaganligi haqida murojaat qilgan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganishda aniqlanishicha, 16 ta MTT direktorlarining buyruqlari bilan jismoniy tarbiya yo‘riqchisi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarga Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatilgan. Biroq joriy yilning 6 oyi davomida yuklatilgan ularning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda ustama hisoblanmagan. Tabiiyki, zarur to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Vaholanki, yuqorida qayd qilingan farmonida “2021 yil 1 yanvardan barcha davlat orgonlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalaridan faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda ustama to‘lanishi” belgilangan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlarga to‘lanmasdan kelinayotgan 35,5 million so‘mlik ustamalar to‘lab berilib, aybdor xodimlar intizomiy jazoga tortilgan.

Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limi tomonidan xalq ta’limi bo‘limida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi o‘rganilganda boshqa bir ustama to‘lov to‘lanmayotgani aniqlangan. Jumladan, XTB tomonidan 2020 yilning yanvar-mart oylarida «Barkamol avlod» bolalar maktabi direktori va direktor o‘rinbosari, to‘garak rahbarlariga ularning bazaviy tarif stavkalari oshirilmagan holda ish haqlari to‘langan.

Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida 2020 yil 1 yanvardan «Barkamol avlod» bolalar maktablari xodimlari, xususan, direktor va direktor o‘rinbosarlariga to‘lanadigan lavozim maoshlarining bazaviy tarif stavkalari 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirilishi belgilangan.

Shu bois, Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limi tomonidan to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirish bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Sud arizani qanoatlantirib, to‘lanmay qolgan 36 million 188 ming 513 so‘m ish haqlarini to‘lab berish kerak, deb topgan.