Ramazon oyi - go‘zal axloq fursati
2019 yil 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2019 yil 6 may muborak Ramazon oyining birinchi kuni ekanligi ta’kidlandi.
Ramazon – tinchlik elchisi, go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir. Muborak oyni o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarorida insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e’zozlash, hozirgi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etish aytilgan.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Samarqand viloyati vakilligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali, imom-xatiblar va saxovatpesha insonlar hamkorligida Ramazon oyida bajariladigan ishlar rejasini tuzib oldik. Unga ko‘ra, joylarda keng ko‘lamdagi ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshiramiz. Shuningdek, ziyoratchilar bilan suhbatlar, juma namozi jamoatida yurtimizning boy tarixi, bebaho merosimiz, dinu diyonatimiz haqida suhbatlar o‘tkazamiz. Viloyatimizdagi ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, bemorlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinadi. Shuningdek, saxovat, mehribonlik va muruvvat uylari hamda maktab internatlari tarbiyalanuvchilariga xayr-ehson qilish, sovg‘alar ulashish ko‘zda tutilgan.
Imom Buxoriy va Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon birortangizning ro‘za tutgan kuni bo‘lsa, shahvoniy so‘z va amallarni qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador kishiman” desin”, deganlar.
Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg‘usi ortadi, irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo‘lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g‘iybatdan, behuda gap-so‘zlardan tiyadi. Ko‘ngillaridan hasadu g‘arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e’tiborli, rahm-shafqatli bo‘lishga intiladi.
Muborak oyda viloyatimizdagi 285 ta masjidda taroveh namozlari o‘qiladi va 115 ta masjidda xatmi Qur’on qilinadi. Ramazonda sadaqa va xayru ehsonlarning savobi yanada ko‘p va ajri ulug‘ bo‘ladi. Ulug‘ kunlarda qilinadigan saharlik va iftorliklarni kamxarj, dabdababozlikdan yiroq holda, xonadonlarda o‘tkazmoq kerak. Bu xayrli tadbirlarga ko‘proq muhtoj va yo‘qsillarni taklif qilib, ularning ko‘nglini ko‘tarish yaxshi amallardan sanaladi.
Mehr-shafqat, saxovat oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Zayniddin EShONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.