Raqamlashtirish sudyaga nima beradi, fuqaroga-chi?
Yaqin bir oy ichida davlatimiz rahbarining sud hokimiyatiga oid ikkita hujjati qabul qilindi. Bunda dastlab sud idoralari tuzilmasiga oid o‘zgartirishlar, yangilanishlar belgilandi. Navbatdagi hujjatda esa sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Tabiiy savol tug‘iladi: bunda kimga, nima naf?
Birinchidan, sud majlislari materiallarini tartibli saqlashni ta’minlaydi, qog‘ozbozlik, ortiqcha byurokratiyaga o‘rin qolmaydi. Negaki, sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar elektron shaklda yuboriladi.
Muhimi, sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni hamda sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, oshkoralikka yo‘l ochadi. Bu esa har bir sudyaning hukm yoki qaror chiqarishdagi, javobgar, da’vogar va guvohlar fikrini hisobga olishdagi mas’uliyatini oshiradi.
Xususan, 2021 yil 1 yanvardan sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish yo‘lga qo‘yilishining o‘ziyoq bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Uchinchidan, sud majlis hujjatlari bilan istagan kishi, istalgan paytda tanishishning o‘zi ko‘rayotgan ishga o‘xshash ishlarni o‘rganishga, xulosa chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa unga odilona hukm chiqarish mas’uliyati barobarida malakasini oshirishda yordam beradi.
Umuman, kiritilayotgan o‘zgartishlar sud-huquq masalalarida oshkora tizim yaratilishiga, aholiga zamon talablari darjasida qulayliklar yaratishga, pirovardida huquqiy islohotlar samarasiga ishonch ortishiga xizmat qiladi.
Abduhakim OLTIBOYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.