Raqamli iqtisodiyot bizga nima beradi?

O‘zbekiston yaqin kelajakda aholi turmush darajasini tubdan yaxshilab, dunyoning rivojlangan 50 mamlakati qatoriga kirishni maqsad qilgan. Bu boradagi islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Dunyodagi nufuzli nashrlardan biri - “Ekonomist” jurnali tomonidan O‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat sifatida “Yil mamlakati” deb e’tirof etildi. Mamlakatimiz “Xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” reytingida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy reytingda hali ham juda ortda qolyapmiz.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir yarim yilda informatsion oqim ikki barobarga oshib bormoqda. Jadal sur’atlarda rivojlanish sharoitida raqamlashtirish zaruriyati yanada oshadi. Bu o‘z navbatida, juda ko‘p resurslarni talab qiladi. Shu bois hozirdan raqamli iqtisodiyotga o‘tish muhim vazifaga aylandi.
Xo‘sh, raqamli iqtisodiyotning o‘zi nima? Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga ko‘chirishdir. Raqamli iqtisodiyot yordamida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarning raqamli texnologiyalarini qo‘llash asosida amalga oshirish mumkin bo‘lgan tizimdir.
Dastlab bu terminni amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte 1995 yilda kiritgan bo‘lsa-da, u bugungi kunda barcha sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Raqamli iqtisodiyot insonlarsiz boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali ko‘paytiradi, byudjet xarajatlarining “shaffof”ligini oshiradi, yagona elektron platforma orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini beradi.
Raqamli iqtisodiyotning yangi konsepsiyasi inson faoliyati doirasidagi barcha informatsiyalarni raqamlashtirish texnologiyalarini qo‘llab saqlash, ishlov berish va uzatishning yagona tizimidir.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish xalqaro mehnat taqsimotiga tobora qo‘shilib, global iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omiliga aylanib bormoqda. Iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali ijodiy yondashib yangi iqtisodiyotni barpo etish imkoniyati tug‘iladi. Iqtisodiyotni raqamlashtirish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolish imkoniyatidir.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish darajasi Informatsion-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlanish indeksi, Iqtisodiyot va jamiyatni yevropacha raqamlashtirish indeksi, Raqobatbardoshlikni xalqaro raqamlashtirish indeksi, Xalqaro evolyusiya indeksi, Iqtisodiyotn raqamlashtirish indeksi, Aloqa tayyorlik indeksi, Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi, Elektron qatnashish indeksi, Global qo‘shilish indeksi kabi bir nechta xalqaro indekslar yordamida aniqlanadi. O‘zbekistonda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining tashkil etilishi ham bejiz emas. Bu reytinglar bir-biridan farqi iqtisodiyotni raqamlashtirishda inobatga olinadigan mezonlardir. Qo‘yilgan maqsad va vazifaga ko‘ra, korxona, tarmoq, hudud, milliy va global iqtisodiyot darajalari tanlanadi.
Reytingni aniqlash mezonlari bir-biridan tubdan farq qilmaydi. Indekslarni hisoblash metodikasi esa deyarli bir xil. Shuning uchun bir mezonni “yaxshilash”, masalan, aholini internet xizmati bilan qamrab olish darajasi barcha reyting indekslarini hisoblashda bir xil ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, informatsion kommunikatsiya texnologiyalari (IKT)ni rivojlantirish indeksini hisoblashda har 100 kishiga to‘g‘ri keladigan uy telefoni va uyali aloqa liniyalari, har bir internet foydalanuvchisiga to‘g‘ri keladigan xalqaro kanallarga chiqish imkoniyati, xonadonlar kompyuter va internet bilan ta’minlanganlik, internetdan foydalanuvchilar va boshqa jihatlar hisoblab chiqiladi. Bunday indeksni mamlakat miqyosida, hududlar darajasida taqossash uchun ishlatish ham mumkin.
Xulosa sifatida oladigan bo‘lsak, raqamli iqtisodiyotni mamlakatimizning barcha sohalarida keng qo‘llash iqtisodiyotning jadal sur’atlarda o‘sishini ta’minlab, pirovard natijada aholining turmush tarzini tubdan yaxshilashga olib keladi.
Axtam NIZOMOV,
SamDU iqtisodiyot va biznes fakulteti dotsenti.
Nilufar RAHIMOVA,
SamDU o‘qituvchisi.