Rejani birinchi bajargan fermer uchta sovg‘a oldi
10 ming 974 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlagan kattaqo‘rg‘onlik 254 ta fermer xo‘jaligi 30 ming 178 tonnalik xirmon yaratish uchun bel bog‘lagan. Yetishtirilgan hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish uchun 232 ta terim otryadi tashkil etildi.
Mahallalardagi uyushmagan aholi va fermer xo‘jaliklari ishchilaridan iborat terimchilarga dala boshida kunlik issiq ovqat va tushlik tashkil etilgan. Ularga birinchi terimda qo‘lda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun 850 so‘mdan, ikkinchi terimda 1200 so‘mdan mehnat haqi to‘lanmoqda. Ilg‘or terimchilarning mehnati evaziga “Dilmurod fayzli dalasi” fermer xo‘jaligi a’zolari tumanda birinchilar qatorida davlatga paxta sotish shartnoma rejasini bajardi.
- Joriy yilda 28 gektar maydonda g‘o‘zaning ertapishar va istiqbolli navlaridan yetishtirib, qisqa muddatda qabul maskanlariga 79 tonna xomashyo topshirib, belgilangan rejani 107 foizga bajardik, - deydi fermer xo‘jaligi boshlig‘i Dilshod Mamatov. – O‘rtacha hosildorlik gektariga 28 sentnerni tashkil etdi. Paxta maydonimizda ko‘saklar endi baravj ochilayotganini hisobga olsak, keyingi terimda gektariga hosildorlikni kamida 40 sentnerdan oshirishni rejalashtiryapmiz.
Xo‘jalik a’zolarining muvaffaqiyati munosabati bilan xo‘jalikning dala shiyponida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi A.Bahromov ularni televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi. Shuningdek, tadbirda viloyatda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tatbiq etayotgan “OMAD STAR” mas’uliyati cheklangan jamiyati fermer xo‘jaligiga bir jamlanma zamonaviy kultivator sovg‘a qildi. “Kattakurgan claster” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa xo‘jalikning shu kungacha topshirgan paxta xomashyosi uchun to‘lanadigan 316,8 million so‘m mablag‘ni shu kunning o‘zida xo‘jalikning hisob-raqamiga o‘tkazib berdi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.