Rejep Tayyip Erdog‘an «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlandi

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. «Bugun tarixiy voqea — bugun qardoshim Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekistonning «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlandi», — dedi Prezident. 

«Xabaringiz bor, 2017 yili BMTning 72-sessiyasida ulug‘ bobomiz Imom Buxoriyning merosini o‘rganish haqida gapirgandim va o‘sha paytda Turkiya Prezidenti, qardoshim Rejep Tayyip Erdog‘an bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan edi», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

«Biz O‘zbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur o‘rganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik», — dedi Prezident.

«O‘zbekiston xalqi sizning qardosh ellarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan do‘stlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlariga beriladi.