Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi

Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop chorshanba kuni Erdo‘g‘onni “Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik sa’y-harakatlariga qo‘shgan hissasi uchun” nufuzli mukofotga nomzod qilib ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda "Anadolu" agentligi.

Shentopning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar parlament spikerlari va deputatlari ham shunday murojaatlar bilan chiqishadi.

Nobel jamg‘armasi nizomiga ko‘ra, milliy parlament va hukumat a’zolari, Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan shaxs va tashkilot a’zolari, Norvegiya Nobel qo‘mitasining amaldagi va sobiq a’zolari, xalqaro sud a’zolari va boshqalar nomzodlarni ko‘rsatishi mumkin.

Nobel jamg‘armasi nizomiga muvofiq, laureatlar Norvegiya parlamenti tomonidan tayinlangan Norvegiya Nobel qo‘mitasi tomonidan saylanadi.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti 1901 yildan beri har yili beriladi.

Mukofot topshirilganda faqat g‘olib ismi ma’lum bo‘ladi. Boshqa barcha nomzod va Nobel qo‘mitasi a’zolarining fikri 50 yil davomida sir saqlanadi.