Respublika anjumani: Mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirish lozim
Samarqandda «Ichki turizm va qulay imkoniyatlar» mavzusida videokonferensiya shaklida Respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari Dilshod Mamatqulov ochib berib, Samarqandda ichki turizmni rivojlantirishning ahamiyati va istiqbollari to‘g‘risida fikrlarini bildirdi. Videoanjuman ishida mamlakatimizning barcha viloyatlari turizm masalalari bo‘yicha masul rahbarlar, mahalla, yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik boshqarmalari, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari uchun turizm sohasida tashkil etilgan yangi yo‘nalishlar, viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy sayyohlar uchun amaldagi chegirmalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Anjumanda "Uzbekistan Safe travel GUARANTEED" (“Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) dasturi doirasida turizm ob’yektlarida va unga tutash infratuzilmalarda sanitariya-gigiyena, xavfsiz xizmat ko‘rsatish talablari joriy etilganligini va mavjudligi borasida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, Samarqand viloyati hududida joriy etiladigan turistik xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, anjuman davomida Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyati haqida taqdimot va videoklip taqdim etildi. Ta’kidlash joizki, ushbu konferensiya kelajakda viloyatlararo o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bilan mahalliy sayyohlar oqimini tiklashga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.