Respublika bo‘yicha 2,4 mln. xonadonning kadastr hujjati yo‘qligi ma’lum qilindi
Respublika hududidagi 2 mln. 400 mingdan ortiq aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘qligi va bino-inshootlariga nisbatan mulk huquqini belgilovchi tartib mavjud emasligi sababli aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayapti. Bu haqda Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida axborot berildi.
Shu tufayli Agentlikka hamda Xalq qabulxonalariga murojaatlar soni ko‘paygan. Tahlil natijalariga ko‘ra ayni shu mazmundagi murojaatlar jami murojaatlarning 40 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.
Joriy yil davomida Agentlikning hududiy boshqarmalariga jismoniy va yuridik shaxslar yuborgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan kamchiliklar va qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun javobgarlikka tortilish holatlari tahlil qilingan. 10 ta jarima va 78 ta hayfsan, 1 ta lavozimdan ozod etish, jami 89 ta intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Agentlik tomonidan 2023 yil 5 oyligi davomida jami 5 600 dan ziyod murojaat ijro uchun qabul qilingan (o‘tgan yil mos davrida 12 mingga yaqin). Murojaatlarning 5 mingtasi ko‘rib chiqilgan, shundan 3350 ga yaqini yoki 66,7 foizi qanoatlantirilgan, 1600 ga yaqin yoki 31,6 foizi yuzasidan tushuntirish berilgan bo‘lsa, 80 tasi yoki 1,7 foiziga rad javobi berilgan.