Respublikachilar Baydenni AQSh prezidenti sifatida tan olishdan bosh tortdi

AQSh Kongressida respublikachilar rahnamolari demokrat Jozef Baydenni saylangan prezident sifatida tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kongress palatasi vakillari lideri Steni Xoyer ushbu rezolyusiyani AQSh prezidentining inauguratsiya marosimini o‘tkazish paytida Kongress qo‘shma qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilishni taklif qildi. Qo‘mita tarkibiga demokratlar va respublikachilar kiradi.

Biroq respublika partiyasi vakillari Xoyerning taklifiga qarshi ovoz berishdi. Xususan, Senat respublikachilari yetakchisi Mitch Makkonnell, qo‘mita raisi Roy Blant va palata vakillarining respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti qarshi chiqdi.

Avvalroq AQSh Kongressida Amerikaning amaldagi prezidenti, respublikachi Donald Trampning 249 partiyadoshlaridan 25 nafari mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida demokrat Jozef Baydenning g‘alabasini tan olgani haqida xabar berilgan edi. Shu bilan birga, ikki kishi Trampni g‘olib deb tan olishgan bo‘lsa, qolgan 222 kishi aniq javob bermadi.

3 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovozlarni hisoblash va ushbu masala bo‘yicha sud jarayoni bugungi kungacha davom etmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden g‘alaba qozonish uchun kerakli miqdordagi saylovchilar ovozini olgan va shu tariqa Trampni ortda qoldirgan. Demokrat allaqachon o‘zini AQShning saylangan prezidenti, deb e’lon qildi. Tramp saylovdagi mag‘lubiyatini tan olmay, raqibini "yirik firibgarlikda" aybladi.