Respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan: Eng ko‘p holat Toshkent shahrida

O‘zbekistonda 2022 yil davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Ularga nisbatan 7,3 mlrd. so‘m ma’muriy jarima va 10 mlrd. so‘m tabiatga zarar belgilangan. Shu jumladan, o‘tgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxtlar kesilgan.

Vaziyat tahlil etilganda, qurilish ob’yektlari atrofini o‘rab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud bo‘lish holatlari sodir etilayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida davlat ekologik ekspertizasi ob’yektlari qatoriga barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari hamda shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari kiritilgan. Biroq, mas’ullar tomonidan birgina Toshkent shahridagi qurilish ob’yektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bog‘liq 2019 yilda 235 ta, 2020 yilda 89 ta va 2021 yilda 99 ta ob’yektga o‘rganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilganligi va qurilish loyihalari ishlab chiqilganligi aniqlangan.

Qayd etilganidek, respublika bo‘yicha 500 dan ziyod qurilish ob’yektlari atrofi o‘rab olingan bo‘lib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xafv ostida qolmoqda. Afsuski, bir qator qurilish ob’yektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.