Rimning o‘zbekchasi Rum bo‘lmaydi yoki sport atamasidagi bir chalkashlik haqida

Nega “yunon-rum kurashi” deymiz? Nega ruschadan “greko-rimskaya borba”dagi ikkinchi so‘z, ya’ni “rim” “rum” deb tarjima qilinadi? Nima, Gretsiya Yunoniston deb o‘zbekchaga o‘girilganidek, Rim shahrini Rum deb ataymizmi?

Bu haqda avvallari o‘z chiqishlarimda bildirgan fikrlarim e’tiborsiz qolib ketgan edi. Kuni kecha Samarqand viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu haqda so‘z yuritgan edim, taklifim bilan sport faxriysi va olim H.Rofiyev qiziqib qoldi. Sport atamalari lug‘atini tayyorlashga bosh bo‘lgan Hamroqul aka taklifim asosli ekanini, uni inobatga olish lozimligini uqtirdi.

Xo‘sh, gap o‘zi nima ustida ketmoqda? Kamina tarixchi sifatida “rim”ning “rum” deb tarjima qilinishi noto‘g‘ri ekanligini isbotlab berdim. Mana, masalaning mohiyati qayerda. Gap shundaki, bir vaqtlar dunyoning katta qismini egallagan Rim imperiyasi 395 yilda ikkiga – G‘arbiy va Sharqiy Rim imperiyalariga bo‘linadi. G‘arbiy Rim imperiyasiga hozirgi G‘arbiy Yevropa davlatlarining hududi kiradi va Rim shahri uning poytaxti bo‘lib qoladi. Sharqiy Rim imperiyasiga Kichik Osiyo yoki hozirgi Turkiya hamda Bolqon yarim oroli, Shimoliy Afrikaning bir qismi kiradi. Poytaxti Konstantinopol, hozirgi Istanbul shahri edi.

Sharqiy imperiyaning yana bir nomi Vizantiya bo‘lgan. Ammo turk, fors va hind manbalarida bu mamlakat Rum deb atalgan, uning poytaxti Konstantinopol esa Qustantaniya deyilgan. Uning tarkibidagi Ko‘nya sultonligi boshqacha Rum sultonligi deb ham nomlangan. Vizantiya yoki Rum usmoniy turklar tomonidan bosib olinadi va u 1453 yilda butunlay tugatiladi.

Qur’oni karimning 60 ta oyatdan iborat 30-surasi “Rum” deb ataladi hamda unda Fors bilan Rum, ya’ni Vizantiya davlatlarining o‘zaro kurashi va bu kurashda Rum g‘alaba qozonishi haqida so‘z yuritiladi.

Ko‘rinib turganidek, Rimni o‘zbek tiliga o‘giraman deb xatoga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Samarqand filiali professori H.Rofiyev sport atamalari lug‘atining bundan keyingi nashrlarida “greko-rimskaya borba” albatta “yunon-rim kurashi” deb tarjima qilinishini ta’kidladi. Olimning so‘zlariga qaraganda, bundan oldin ikki marta ruscha-o‘zbekcha lug‘at nashr etilgan bo‘lsa, 2016 yilda sport atamalarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha va inglizcha-ruscha-o‘zbekcha lug‘ati bosmadan chiqqan edi. 2018 yilning dekabrida ruscha-o‘zbekcha-ispancha lug‘at nashr etilgan va ayni paytda uning ruscha-o‘zbekcha-italyanchasi tayyorlanmoqda.

Sport jurnalistikasida ixtisoslashgan hamkasblarimiz bundan keyin mazkur sport turi haqida gap ketganida, uni “yunon-rim kurashi” shaklida yozsa, to‘g‘ri ish qilgan bo‘lishadi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev, O‘zA.