Rossiya barcha mamlakatlar bilan aviaparvozlarni to‘xtatishni rejalashtirmoqda

Davlat dumasi deputati Ivan Suxarev Buyuk Britaniyada COVID-19ning yangi shtammi aniqlangani sababli barcha mamlakatlar bilan parvozlarni to‘xtatish to‘g‘risida taklif bilan chiqdi. Bosh vazir Mixail Mishustin nomiga yuborilgan xat mazmuni RT tomonidan keltirilgan.

Deputat Buyuk Britaniya va boshqa ba’zi mamlakatlarda yangi koronavirus turi paydo bo‘lgani, shu munosabat bilan ko‘plab davlatlar, jumladan, Rossiya ham Buyuk Britaniyaga fuqarolik aviaparvozlarini cheklashga qaror qilganini ta’kidladi.

Rossiya hududida yangi shtamm tarqalishining oldini olish uchun Suxarev bosh vazirdan barcha xorijiy davlatlar bilan vaqtincha havo qatnovini to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishni iltimos qildi.

Avvalroq «Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popova Rossiyada ayni paytda koronavirusning 1424 mutatsiyasi qayd etilgani, ammo Britaniyadagi shtamm topilmagani haqida aytgan edi. Ushbu mutatsiyalarning hech biri virus xususiyatlari o‘zgarishi bilan bog‘liq emas, dedi u. Uning ta’kidlashicha, "britan" mutatsiyasi sezgir organizm hujayralari birikishiga mas’ul bo‘lgan oqsil birikmalari bilan bog‘langan.

Koronavirusning xavfli mutatsiyasi Buyuk Britaniyada sentyabr oyida aniqlangan edi. Ayni paytda ushbu shtammni mingga yaqin yuqtirish holatlari aniqlandi. Xuddi shu mutatsiya keyinchalik Daniya, Gollandiya va Janubiy Afrikada aniqlandi. Britaniyalik olimlar koronavirusning ushbu turi juda tez tarqalishini tushuntirishdi.

Ayni paytda dunyoning 20 dan ortiq davlatlari, jumladan, Rossiya Buyuk Britaniya bilan transport aloqalarini to‘xtatishini e’lon qildi.