Rossiya Belarusga qo‘shin kiritadimi? Putin javob berdi

Belarusdagi ekstremistik unsurlar chegaradan o‘tib, tartibsizliklar boshlamaguncha Rossiya kuchlari mamlakatga kiritilmaydi. Bu haqda 27 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 24” telekanali boshlovchisi Sergey Brilevga bergan katta intervyuda ma’lum qildi.

“U (Rossiya Federatsiyasi tomonidan, Aleksandr Lukashenko iltimosiga binoan tashkil etilgan, Belarusga yordam ko‘rsatish uchun huquqni himoya qilish xodimlaridan tashkil topgan zaxira) vaziyat nazoratdan chiqishni boshlamaguncha ishlatilmaydi. Qachonki, siyosiy shiorlarni niqob qilib olgan ekstremistik unsurlar ma’lum bir chegaradan o‘tmaguncha, shunchaki talon-toroj qilishga, avtomobil, uy, banklarni yoqishga kirishmaguncha, ma’muriyat binolarini qo‘lga olishga va boshqa narsalarga urinmaguncha ishlatilmaydi”, dedi Putin.

Shuningdek, Putin Rossiyani Belarus oldidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) doirasidagi majburiyatlari borligi haqida eslatib o‘tdi.

Shundan so‘ng Belarus muxolifatining muvofiqlashtirish kengashi, Rossiya qurolli kuchlaridan tashkil topgan kadrlar zaxirasining Belarusga yordam uchun qo‘llanilishiga yo‘l quyib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Belarus muxolifati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday zaxiralar yuborilishi xalqaro huquq va mamlakat fuqarolari pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi.

“Muvofiqlashtirish kengashi (Belarus muxolifati) Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa bir davlat hududida tashkillashtirilgan qurollangan guruhlardan Belarus hududida foydalanishga yo‘l quyib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi”, deyilgan kengash saytida e’lon qilingan xabarda.