Rossiya plastik idishlardan voz kechmoqchi
Rossiya Tabiatni muhofaza qilish vazirligi mamlakatda bir marta ishlatiladigan plastik idishlar savdosini cheklash haqidagi qaror loyihasini tayyorlamoqda va u tasdiqdan o‘tsa, 2020 yildan Rossiyada bir marta ishlatiladigan plastik idishlarni sotish taqiqlanadi.
Bu haqda Tabiatni muhofaza qilish vaziri Dmitriy Kobilkinga tayanib, RIA Novosti xabar berayapti.
"Rossiya tabiatni muhofaza qilish vazirligi dunyo mamlakatlarining tabiatni asrash yo‘lidagi har bir xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va tabiatni asrash yo‘lidagi har qanday foydali loyihalarni Rossiyada ham tadbiq qilishga harakat qiladi. Umid qilaman ko‘pgina savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari bizning bir martalik plastik idishlardan voz kechish qarorimizni qo‘llab-quvvatlaydi", deydi vazir D.Kobilkin.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi 2021 yildan bir marta ishlatiladigan plastik idishlardan voz kechishi haqida ma’lum qilgan edi.
Joriy yil mart oyida Rossiya bosh vaziri D.Medvedev ham imkoniyati bo‘lishi bilan Rossiyada bir marta ishlatiladigan plastik idishlarni sotishni taqiqlash haqidagi qonun kechiktirilmasdan qabul qilinishini ma’lum qilgan edi.