Rossiyada cherkov qurilishiga qarshi namoyishlar uyushtirilayapti
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida cherkov qurilishiga qarshilar oxirgi haftada ikkinchi marta ruxsat etilmagan namoyish uyushtirdilar. Politsiya namoyishchilardan bir nechtasini qamoqqa olgan.
Gap shundaki, Yekaterinburgda, 2023 yilda, shaharning 300 yilligi o‘tkaziladigan tantanalar vaqtida ochishni mo‘ljallab cherkov qurilishini boshlashdi. Ammo bu qurilish shahar ahlining qarshiligiga duch keldi. Sababi, shahar meri cherkovni yekaterinburgliklar hordiq chiqarib, dam oladigan shahar markazidagi xiyobonda qurayapti. Bu esa shahar ahliga yoqmayapti.
Cherkov qurilishi bundan oldin shaharning boshqa joyida qurilishi mo‘ljallangan edi. Ammo ikki marta ham u qarshilikka duch kelib, oxiri shahar xiyoboni tanlangandi. Biroq bu yerda ham uning qurilishiga qarshilik oldingilardan ham kuchliroq tarzda bo‘layapti.
Shahar meri yaqinda cherkov qurilishiga qarshilar bilan jonli muloqot o‘tkazgan edi. Ammo, o‘sha muloqotda ular bilan o‘zaro til topishishning mutlaqo iloji bo‘lmagan. Muloqotda cherkov qurilishiga qarshi bo‘lganlar "aslida cherkov qurilishiga qarshi emasliklarini, ammo uni shahar chetida qurilishi lozimligini, shaharni ichida unga joy yo‘qligini, xiyobon esa shahar aholisiga cherkovdan ham ko‘ra muhimroq joy ekanligini" ta’kidlashgan. Bu esa 2023 yilda shahar tashkil topganining 300 yilligini "olamshumul" tarzda nishonlamoqchi bo‘layotgan shahar meriyasini qoniqtirmagan. Shu tufayli ular xiyobon o‘rnida cherkov qurilishini davom ettirishga qaror qilishgan.
Shahar ahli esa bunga aslo rozi emas. Ular, "agar cherkov qarshiliklarga qaramay zo‘ravonlik bilan xiyobon o‘rnida qurilsa, la’natlangan bu cherkovga shahar ahlidan hech kim kirmasligini" ma’lum qilishgan.