Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksina haqida dunyo mamlakatlari qanday fikrda?

Braziliyaning Rossiyadagi elchixonasi 12 avgust kuni Braziliyaning ikkinchi shtati koronavirusga qarshi vaksinaga qiziqish bildirayotganligi haqida xabar qildi. Mamlakat uni sinovdan o‘tkazishga va ishlab chiqarishga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksina sinovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirib chiqish xohishini bildirdi. Tashkilot vaksina ustida olib borilgan sinov va tadqiqotlar, o‘rnatilgan qoidalar asosida amalga oshirilganiga amin bo‘lish niyatida.  Bu vositaning samaradorligi va xavfsizligini baholash uchun amalga oshiriladigan tadbir.

AQShning yuqumli kasalliklar Bosh mutaxassisi Entoni Fauchi, vaksina samaradorligiga va xavfsiz ekanligiga shubha bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik mutaxassislar ushbu haftaning o‘zidayoq bir qancha vaksina namunalarini taqdim etishlari mumkin, biroq ularning xavfsizligi va samaradorligi yuz foiz bo‘lishi lozim. U oxirigacha sinovdan o‘tkazilmagan vositani qo‘llash nafaqat zaruriy samaradorlikni bermasligini, balki odamlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti yordamchisi Kellian Konuey, Rossiya taqdim etgan vaksina amerikalik mutaxassislar tomonidan tayyorlanayotgan vaksinadan ortda qolayotganini va u judayam kam klinik sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan ham Rossiya vaksinasiga ishonqiramasligini ma’lum qildi. Uning fikriga ko‘ra, Rossiya vaksinasining eng katta kamchiligi – bu ma’lumotning kamligi. Shpan, vositaning dunyoda birinchi bo‘lishi emas, xavfsiz bo‘lishi muhimroq ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Shvetsiya va boshqa bir qator Yevropa mamlakatlari ham shunga o‘xshash fikrlarni bildirdilar.

Rossiya vaksinasiga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar bilan bir qatorda ijobiy fikrlar ham bildirildi.

Ishonchli vaksina paydo bo‘lganligi haqida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ma’lum qildi. U noyabrda paydo bo‘lishi kutilayotgan vaksinani ruslar bugun chiqarganidan baxtli ekanini ma’lum qildi. Davlat rahbari ayni vaqtda vaksina judayam zarur ekanini, biroq u mutaxassislar tekshiruvidan o‘tishi lozimligini ta’kidladi.

“Serb mutaxassislari uni yaxshi deyishlari bilan men uni birinchilardan bo‘lib qabul qilaman “, - dedi Vuchich.

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte xalqqa qilgan murojati vaqtida, Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani birinchi bo‘lib o‘zida sinab ko‘rishga tayyor ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vosita insoniyatga foyda keltiradi, uning o‘zi esa Rossiya mutaxassislariga to‘laligicha ishonishini ko‘rsatish uchun vaksinani birinchi bo‘lib o‘zida sinab ko‘rish niyatida.

Shuningdek, Bahrayn va Manama hukumatlari ham Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani sotib olish niyatida ekanligini bildirdi. 

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.