Rossiyadan O‘zbekistonga 4 ta maxsus yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Pandemiya davrida Rossiyadagi yurtdoshlarimizga mamlakatimizga kelishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Voljskiy — Toshkent” yo‘nalishida 483-sonli yo‘lovchi poyezdining 4 ta maxsus reysi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur poyezdlar joriy yil 22, 25, 29 oktyabr hamda 1 noyabr kunlari soat 20:57 da “Voljskiy — Toshkent” yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.

Mazkur poyezdlarga faqat bir tomonga, ya’ni “Voljskiy — Toshkent” yo‘nalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyadagi fuqarolarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati veb-sayti (ye-ticket.railway.uz) orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo‘natishlari ham mumkin.