Rossiyadan tashrif buyurgan deputatlar sababli Tbilisida hukumatga qarshi namoyishlar boshlandi

Kecha, 20 iyun kuni Rossiya davlat Dumasi deputati Sergey Gavrilov boshchiligidagi delegatsiya Provaslav assambleyasining parlamentlararo 26-yalpi sessiyasida qatnashish uchun Tbilisiga tashrif buyurdi.

Gavrilov ushbu assambleyaning raisi sifatida sessiyani ochib berdi.

Shundan so‘ng sessiya ishida katta mojaro kelib chiqdi. Gruziya parlamentidagi muxolifat vakillari Rossiya delegatsiyasining tashrifiga qarshi o‘z noroziliklarini parlamentning o‘zida boshladilar.

Rossiyalik deputatlar mojaro boshlangandan sessiyani tark etishdi.

Gruziya parlamentidagi muxolif partiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Gavrilov o‘zicha Gruziya parlamentining minbariga chiqib gapirishga haqqi yo‘q edi. Ushbu assambleyaning hozirgi raisi Gretsiya vakili edi va u chiqib sessiyani ochib berishi kerak edi.

Muxolifat shu masalada irodasizlik qilgan parlament spikeri va amaldagi hukumatni ayblab chiqdi. Shundan so‘ng vaqt kech bo‘lganiga qaramay Gruziya parlamenti binosi oldiga muxolif partiyaning tarafdorlari yig‘ila boshladilar va ular kirib parlament binosini egallab oldilar.

Shundan so‘ng voqea joyiga politsiya kuchlari chaqirildi. Ikki o‘rtada hatto kuch ishlatildi. Namoyishchilar politsiya kuchlariga hujum qildilar, politsiya ularga qarshi rezina o‘qlardan foydalandi.

Gruziya rahbari sodir bo‘lgan hodisada rossiyalik deputatlarni va Rossiya hukumatini ayblab chiqdi.

OAV xabar berilishicha, hozir ham Tbilisi markazida ko‘plab odamlar yig‘ilgan. Muxolifat yetakchilari hukumatdan iste’fo talab qilayapti va aks holda butun Gruziya namoyishga chiqishini ma’lum qilgan.

Shu tariqa Tbilisida hozircha notinchlik hukm surayapti.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.